Navoiy mashinasozlik zavodiga zamonaviy dastgoh keltirildi
Iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlar sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Navoiy mashinasozlik zavodida ham bu borada zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish quvvatlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda zavodda mahalliylashtirish dasturi doirasida konchilik va metallurgiya korxonalari uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar, uskuna va jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida korxonadagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilda zavodning stanoksozlik sexiga Germaniyaning yetakchi mashinasozlik kompaniyasida ishlab chiqarilgan “ZP-24” rusumli zamonaviy dastgoh keltirildi. Ushbu uskuna diametri 2,4 ming millimetrgacha bo‘lgan tishli g‘ildiraklarni silliqlash va og‘irligi 20 tonnagacha bo‘lgan yirik detallarga yuqori aniqlikda ishlov berish imkoniyatiga ega.

Yangi dastgoh zamonaviy avtomatik nazorat tizimlari va ilg‘or dasturiy ta’minot bilan jihozlangan bo‘lib, har bir detalning belgilangan talablarga mosligini yuqori aniqlik bilan tekshirish imkonini beradi. Ayniqsa, termik ishlovdan keyin yuzaga keladigan mayda nuqsonlar va deformatsiyalarni bartaraf etish mahsulotlarning ishonchliligi hamda chidamliligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida korxonada uchta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, balki aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.

Endilikda Navoiy mashinasozlik zavodida konveyer reduktorlari, kon, shaxta va karer texnikasi uchun mo‘ljallangan tishli g‘ildiraklar hamda vallarga yanada yuqori aniqlikda mexanik ishlov berish imkoniyati yaratildi. Natijada mahsulotlarning xizmat qilish muddati uzayib, ulardan foydalanish jarayonidagi shovqin darajasi pasaymoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri