"Navbahor" va "So‘g‘diyona" chorak finalda!
O‘zbekiston Kubogining chorak finaliga yo‘l olgan yana ikki jamoa nomi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Kubogining 1/8 final bosqichida «Navbahor» — «Nasaf» va «So‘g‘diyona» — «Jayxun» jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Namanganda o‘tkazilgan bahsda «Navbahor» 1:0 hisobida «Nasaf» jamoasni mag‘lub etdi. Yagona golni Ruslanbek Jiyanov uchrashuvning 90+2-daqiqasida kiritdi. «So‘g‘diyona» esa o‘z maydonida «Jayxun» klubidan 2:0 hisobida ustun keldi. O‘yindagi gollarga Filip Ivanovich (33) va Abdulazizxon Abdurashidov (89) mualliflik qildi.
Shu bilan mamlakat kubogida chorak finalga yo‘l olgan jamoalar soni to‘rttaga yetdi. Qolgan to‘rtta chorak finalchi 15–16-sentabr kunlari o‘tkaziladigan uchrashuvlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 15-sentabr kuni «Bunyodkor» — «Lokomotiv» va «Andijon» — «Olimpik Mobiuz», 16-sentabr kuni esa OKMK — «Xorazm» hamda «G‘azalkent» — «Qo‘qon-1912» klublari o‘rtasida bahslar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA