Futbol va futzal bayramiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in
Mamlakatimiz bo‘ylab eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz — Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari keng nishonlanayotgan ayni kunlarda poytaxtimizda futbol va futzal muxlislari uchun qator yirik sport tadbirlari o‘tkaziladi.
Hususan, 2-sentabr kuni soat 18:00 da «Humo Arena»da futzal bo‘yicha “O‘zbekiston Superkubogi-2026” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatning amaldagi chempioni “BMB PFC” hamda Superliga finalchisi “SQB PFC” jamoalari bahs olib boradi.
Darvoqe, muxlislar uchun muhim yangilik — Superkubok uchrashuvi chiptalari «Humo Arena»ning markaziy kassasi yonida vaqtincha faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston futbol federatsiyasi kassasida bepul tarqatilmoqda.

Shuningdek, 3-sentabr kuni soat 18:00 da esa «Bunyodkor» stadionida «Jahon futboli afsonalari — O‘zbek futboli afsonalari» o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bahsda Xulio Sezar, Marko Materatssi, Jerom Boateng, Michel Salgado, Kristian Zakkardo, Esteban Kambyasso, Rikardo Kuarejma, Uesli Sneyder, Oskar, Kevin Kurani va Vinchenso Yakvinta kabi mashhur futbolchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Ayni damda poytaxtda mazkur sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA