Kogonlik g‘allakorlar yuksak marrani zabt etishdi
Buxoro viloyatining Kogon tumanida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi dehqonlar uchun quvonchli natijalar bilan davom etmoqda. G‘allakorlar davlatga don sotish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarib, yurt dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shdilar. Bu muvaffaqiyat yil davomida daladan uzilmay mehnat qilgan fermerlar, mexanizatorlar va soha mutaxassislarining fidokorona sa’y-harakatlari samarasidir.
Joriy yilda tumanda g‘allachilikka ixtisoslashgan 230 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 511 gektar maydonga bug‘doyning serhosil va yuqori sifatli “Grom”, “Alekseyevich”, “Vassa”, “Qadr” hamda “Gurd” navlari ekilib, agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirildi. Yerga mehr va ilm bilan yondashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida har bir gektar maydondan yuqori hosil olishga erishildi.
Hosilni nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda yig‘ib olish maqsadida tumanda 21 ta maxsus o‘rim otryadi shakllantirildi. Har bir otryad zamonaviy, yuqori unumli kombaynlar bilan ta’minlanib, ularning samarali faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Dalalarning o‘zida servis xizmatlari tashkil etildi, yoqilg‘i-moylash materiallari yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada har kuni o‘rtacha ming tonnadan ziyod g‘alla o‘rib-yig‘ib olinib, qabul maskanlariga yetkazilmoqda.

Bu raqamlar ortida yuzlab insonlarning mashaqqatli mehnati, mas’uliyat va intizomi mujassam. Ayniqsa, kombayn operatorlari va o‘rim otryadlari rahbarlari namunali mehnati bilan ajralib turibdi. Ular o‘z tajribasi, ishbilarmonligi va jonbozligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqda.
Quvonarlisi, joriy mavsumda har gektardan olinayotgan hosildorlik 75–80 sentnerga yetmoqda. Bugungi kunga qadar omborlarga qariyb 15 ming tonna sara don qabul qilingan bo‘lib, uning 160 tonnaga yaqini kelgusi yil hosili uchun urug‘lik sifatida zaxiraga olindi.
Bu ko‘rsatkichlar qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanayotgani, melioratsiya ishlarining yaxshilanishi va eng muhimi, yer egalarining zaminga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarganining yaqqol ifodasidir.

Kogon tumanidagi qator ilg‘or fermer xo‘jaliklari bugungi mehnat zafarining asosiy qahramonlari hisoblanadi. Jumladan, “Fidoyi-98”, “Rizq-ro‘z”, “Usmonobod”, “Elyor”, “To‘xtabobo-98”, “Yorqulov Ulug‘bek”, “Oynasoz-98”, “Narziyeva Xadicha” va “Klass Buxoro” fermer xo‘jaliklari hosildorlik bo‘yicha yuqori natijalarga erishib, umumiy xirmon salmog‘ining sezilarli qismini ta’minlamoqda. Mazkur xo‘jaliklarda mehnat qiluvchi dehqonlar va mutaxassislarning bilim va tajribasi, yerdan oqilona foydalanish madaniyati hamda mehnatsevarligi bugungi yutuqlarning mustahkam poydevori bo‘ldi.

Ayni paytda davlatga don topshirish rejasi bajarilgan bo‘lsa-da, dalada ishlar qizg‘in davom etmoqda. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, joriy mavsum yakunida Kogon tumani yalpi g‘alla xirmoni 40 ming tonnadan oshib ketishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat tuman, balki viloyat iqtisodiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, xalqimiz dasturxonini sifatli va arzon non mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, dehqonning bir yillik mehnati hosil paytida o‘z bahosini topadi. Kogonlik g‘allakorlarning bugungi yutug‘i ham yerga mehr, mehnatga sadoqat va el-yurt farovonligi yo‘lidagi fidoyilikning amaliy natijasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri