Sement yetkazib berishdagi kamchiliklar Apellyatsiya kengashida ham tasdiqlandi
Raqobat qoidalariga rioya qilish bozordagi har bir ishtirokchidan shartnoma majburiyatlarini ham o‘z vaqtida bajarishni talab etadi.
Birja savdolarida xaridorga mahsulotni belgilangan muddatda yetkazib berish ham ana shu talablarning biri. «Ohangaronsement» AJ faoliyatida aniqlangan holat yuzasidan qabul qilingan qaror esa Apellyatsiya kengashida ham o‘zgarishsiz qoldi.
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga «SARKOR-ISHONCH-777» MCHJ hamda «EAST» MCHJdan «Ohangaronsement» AJning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushgan.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, 2025-yil noyabr–dekabr oylarida tuzilgan shartnomalarga muvofiq, «Ohangaronsement» AJ xaridorlarga sement mahsulotlarini belgilangan muddatlarda yetkazib berish majburiyatini olgan. Biroq, mahsulotlarni shartnomalarda belgilangan muddatlarda yuklab jo‘natish ta’minlanmagan. Natijada birja savdolari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik holatlari yuzaga kelgan.
Mazkur holatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani aniqlangan. Ushbu modda birja savdolarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlaydi.
Shundan so‘ng Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan «Ohangaronsement» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan. Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Korxona hududiy boshqarmaning ushbu qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, Apellyatsiya kengashiga shikoyat kiritgan. Biroq shikoyat kengash tomonidan ko‘rib chiqilib, hududiy boshqarmaning «Ohangaronsement» AJga nisbatan qabul qilgan qarori hamda ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.
N.Rahmonova,
O‘zA