Naqd valyuta olib chiqishga urinish fosh etildi
Buxoro viloyatida davlat chegarasi orqali tovarlar va valyuta mablag‘larining qonuniy harakatini ta’minlash, iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash hamda qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan bojxona nazorati izchil davom etmoqda. Zamonaviy tekshiruv usullari, xavflarni tahlil qilish tizimi va bojxona xodimlarining hushyorligi tufayli qonunchilik talablarini chetlab o‘tishga bo‘lgan har qanday urinish o‘z vaqtida aniqlanmoqda.
Buning yana bir amaliy isboti Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Olot chegara bojxona postida qayd etildi.
O‘zbekiston–Turkmaniston yo‘nalishida piyoda harakatlanayotgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, uning yonida belgilangan me’yordan ortiq miqdorda — 6 500 AQSH dollari naqd xorijiy valyutasi mavjudligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan valyuta mablag‘lari amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tish joizki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasidan 100 million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ixtiyoriy ravishda ko‘rsatgan holda olib chiqish huquqiga ega. Ushbu me’yordan ortiq miqdordagi naqd valyutani esa faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan tegishli ruxsatnoma asosida mamlakat hududidan olib chiqish mumkin.
Bojxona organlari fuqarolarni safar oldidan valyuta olib chiqish tartibi bilan tanishib chiqishga, qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirmoqda. Zero, qoidalarga amal qilish ortiqcha ovoragarchilik va huquqiy oqibatlarning oldini oladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri