Namangandan Dehliga ilk parvoz amalga oshirildi
Yurtimizda, xususan Namangan viloyatida transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa, 65-xalqaro "Gullar festivali"ga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir qator amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamkorligida Namangan — Dehli —Namangan yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishildi.

Ro‘yxatdan o‘tish avvalida aeroport direktori va “Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining rasmiy vakili so‘zga chiqib ushbu yo‘nalishdagi ilk parvozga start berdi.
Shuningdek, viloyat san’at xodimlari tomonidan ijro etilgan raqs va kuy qo‘shiqlar parvoz oldidan yo‘lovchilarga o‘zgacha kayfiyat ulashdi.
Aviakompaniyaning " Airbus A320" rusumli havo kemasi ilk bor Namangan shahridan 96 nafar yo‘lovchini Hindiston poytaxti Dehli shahriga olib ketdi.


Viloyat hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinovning qayd etishicha, dastavval avia qatnovlar haftasiga bir marta — juma kuni bajariladi. Kelgusida yo‘lovchilar talabi asosida parvozlar sonini haftasiga ikki-uch martagacha oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishning ochilishiga qadar Dehliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar faqat Toshkent orqali amalga oshirilar edi. Yangi avia reys vodiy aholisi uchun vaqt va masofaning qisqarishiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA