Ostona sammiti: suv, xavfsizlik va “yashil” kelajak sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahriga amalga oshirgan tashrifi Markaziy Osiyoda ekologiya muammolarini hal etish borasidagi siyosiy faollik yangi bosqichga o‘tganini ko‘rsatdi. Endi gap faqat muhokama emas, balki amaliy yechim, aniq mexanizm haqida ketmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Yosh sharqshunos diplomatlar” intellektual klubi a’zosi Humoyunmirzo Husanov sammitda asosiy e’tibor suv resurslariga qaratilganini ta’kidlaydi. Zero, mintaqadagi ekologiya muammolarining aksari aynan suv tanqisligi bilan bog‘liq. Davlatimiz yetakchisi ta’kidlaganidek, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv yetishmovchiligi yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun ham jiddiy tahdiddir.
Suvdan samarasiz foydalanish muammoni yanada kuchaytiryapti. Hozir mintaqa davlatlari qishloq xo‘jaligida 1 dollarlik mahsulot yaratish uchun qariyb 3 kub metr suv sarflayapti. Bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki barobar yuqori.
Prezident Emomali Rahmon ma’lum qilishicha, Tojikistonda 14 000 muzlikdan 1300 ga yaqini allaqachon yo‘qolgan. Kelgusida suv manbasi yana qisqaradi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev esa Kaspiy dengizi holatiga e’tibor qaratib, dengiz ekotizimi xavf ostida ekani va shu bois hududda harbiy faoliyatni cheklash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Kaspiy bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu chiqishlar bir narsani aniq ko‘rsatdi: ekologiya muammosi alohida emas, balki o‘zaro bog‘liq xavf tizimiga aylangan.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ekologiya muammolarini bartaraf etishda mintaqaviy birdamlik zarurligiga urg‘u berib, 8 ta aniq taklif berdi: “Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumi, cho‘llanish markaziga mintaqaviy maqom berish, “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”, iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfeli, atrof-muhit o‘zgarishining mintaqaviy atlasi, “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”, 2027-yil O‘zbekistonda Jahon yoshlar iqlim forumi hamda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarga taklif.
Kelishuvga ko‘ra, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tdi. Shu munosabat bilan 6 ustuvor vazifa belgilandi:
– jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish;
– qarorlarni mintaqaviy format bilan uyg‘unlashtirish;
– loyihalar samaradorligini aniq ko‘rsatkich asosida baholash;
– BMT trast fondi imkoniyatidan unumli foydalanish;
– mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
– “Kelajak suvi” dasturini ishga tushirish.
Qolaversa, 2026-2036-yillarni “suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
Ostona sammiti Markaziy Osiyoda ekologiya muammosi endi faqat tabiat emas, balki xavfsizlik va taraqqiyot bilan bog‘liq masalaga aylanganini ochiq ko‘rsatdi. Ilgari surilgan tashabbuslar izchil amalga oshirilsa, mintaqa suv va ekologiya borasidagi xavfni yumshatish imkoniga ega bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA