Namanganda xususiy maktabning xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Istiqbol Zamon Bolalari” xususiy maktabida 542 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning zamonaviy bilim egallashi, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishi va intellektual salohiyatini rivojlantirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Maktabda fan va ijodiy to‘garaklar, sport mashg‘ulotlari hamda xorijiy tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro ta’lim loyihalarida ishtirok etish orqali o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga intilinmoqda.
Jumladan, Janubiy Koreya ta’lim muassasasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur kelishuv o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Yaqinda maktabda xalqaro grant asosida qizlar uchun “WESP” pazandachilik mahorati studiyasi ochildi. Ushbu loyiha o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-32018]
Shuningdek, maktab Belarus, Rossiya va Germaniyadagi ta’lim muassasalari, Buyuk Britaniya hamda Yaponiyadagi tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Bunday tashabbuslar o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, xalqaro tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish va ularni kelgusidagi ta’lim hamda kasbiy faoliyatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA