Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan tumandagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi binosida sayyor sud hamda huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Sud majlisida Probatsiya nazorati ostida bo‘lgan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo muddatini o‘tayotgan 13 nafar shaxs belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilgani hamda mehnatga halol munosabatda bo‘lgani inobatga olinib, jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi.

Shuningdek, sayyor sud majlisida 41 nafar shaxsga nisbatan 35 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, ularga nisbatan sudning yakuniy qarorlari sayyor sud majlisi ishtirokchilari guvohligida e’lon qilindi. Sudning yakuniy qarori mazmun-mohiyati yig‘ilish ishtirokchilariga tushuntirilib, jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligi hamda huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14 oktabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
***
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bitiruvchilari uchun “Karera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Mehnat yarmarkasida viloyat hududidagi yirik ishlab chiqarish tashkilotlari, xususan, “NKMK” AJ, “Navoiyuran” DK, “Navoiy IES” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “Gidro stanko servis” MCHJ korxonalari va boshqa tashkilotlar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida korxona va tashkilotlar vakillari bitiruvchilarga ishlab chiqarish jarayonlari, mehnat sharoitlari, mavjud vakant lavozimlar, ishga qabul qilish talablari, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imtiyoz va sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yarmarkada barcha fakultetlarning bakalavr hamda magistratura bitiruvchilari jalb etildi.
***
Karmana-Konimex irrigatsiya tizimi boshqarmasi tomonidan 2026-2027-yillar kuzgi-qishki mavsumiga tayyorgarlik doirasida kanallarni tozalash va gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Mavsum davomida 56,4 km kanalni tozalash, 49 ta gidrotexnik inshoot va 49 ta gidropostni joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Shu kunga qadar 14,2 km kanal tozalanib, 12 ta gidrotexnik inshoot va 4 ta gidropostda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Jumladan, Navbahor va Konimex tumanlaridagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlovchi “O‘ng qirg‘oq” tumanlararo kanalida ishlar jadal olib borilmoqda. Kanalning 11,2 km qismini tozalash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 5,17 km qismi maxsus texnika yordamida loyqadan tozalandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri