Namanganda “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namanganda “Vatanparvarlik – oliy maqsadimiz!” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov, “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev, davlat va jamoat tashkilotlari, Mudofaa ishlari viloyat bo‘limi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan chiniqtirish hamda harbiy-amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.
Musobaqada viloyatning shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablari hamda texnikumlardan saralab olingan 14 ta jamoa ishtirok etdi. 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar o‘g‘il-qiz uch yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
[gallery-29446]
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Chortoq tumani yoshlaridan tashkil topgan “Temurbeklar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Endi mazkur jamoa respublika final bosqichida Namangan viloyati nomidan ishtirok etadi.
G‘olib va sovrindorlarga “Vatanparvar” tashkiloti hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA