Artur Guliyev Jahon kubogining II bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi
Germaniyaning Brandenburg shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Jahon kubogining II bosqichi start oldi. Dunyo bo‘ylab kuchli sportchilarni jamlagan musobaqada vakillarimiz ham ishtirok etmoqda.
Musobaqada 60 davlatdan jami 854 nafar sportchi qatnashmoqda. Unda jami 243 ta poyga o‘tkaziladi. Parakanoe yo‘nalishida esa 159 nafar eshkak eshuvchi g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda. Jami 36 ta medal jamlanmasi o‘ynaladi. Shundan 24 tasi baydarka va kanoeda eshkak eshish, 12 tasi esa parakanoe bahslariga to‘g‘ri keladi.
Quvonarlisi, musobaqa O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Hamyurtimiz Artur Guliyev C1 200 metr masofaga kechgan “A” final bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning ortidan Pablo Grana (Ispaniya) va Sergey Svinarev (Rossiya) marraga yetib keldi.
Mazkur musobaqa ishtirokchilari 2028-yil Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun ham kurash olib bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA