Namangan turizmi taraqqiy etmoqda
Ko‘hna va navqiron zamin sanalgan Namanganning o‘ziga xos tarixi bor. Bu go‘shadagi qadim tuproq ostidagi siru sinoatlar, mo‘’jizalar bugunning bunyodkorliklari bilan uyg‘unlashib, turizm salohiyatini yaqqol yuzaga chiqarmoqda.
Xo‘sh, so‘nggi yillarda Namanganda turizm sohasini jadal rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida qanday natijalarga erishildi. Bu haqida batafsil ma’lumot olish uchun Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Botirxon Nuriddinovga murojaat etdik.

– Mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi farovonligi va bandligini oshirishda turizmning o‘rni beqiyos. Respublikamizning tarixiy shaharlari bilan bir qatorda o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi Namanganda ham so‘nggi yillarda bu sohada sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Viloyatga 2017 yilda 2,3 ming xorijiy va 22,6 ming mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilib, 2,3 million dollar miqdoridagi turizm xizmatlari ko‘rsatilgan edi. Turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2024 yilda viloyatga tashrif buyurgan turistlar soni 634,5 mingga, mahalliy sayyohlar soni esa 3,9 million kishiga yetdi hamda ularga 205 million dollarlik xizmatlar eksporti amalga oshirildi.

Qayd etish joiz, sayyohlar tashrifi ko‘lamining ortishida ularga munosib shart-sharoitlarni hozirlab berish ham muhim o‘rin tutadi. Bundan sakkiz yil avval viloyatda bor-yo‘g‘i 13 mehmonxona va ikki xostel mavjud edi. 2024 yilga kelib 19 mehmonxona, 24 xostel, 614 oilaviy mehmon uyi, 17 tibbiy sog‘lomlashtirish vositasi bunyod etilib, ulardagi o‘rinlar soni 10 ming 798 taga yetkazildi. Birgina joriy yilning hozirgi davriga qadar 401 o‘ringa ega 22 joylashtirish vositasi bunyod etilib, ularning umumiy qamrovi 11 ming 207 taga, soni esa 715 taga yetkazildi. Jumladan, 99 o‘ringa ega ikkita mehmonxona, 140 o‘rinli 14 oilaviy mehmon uyi, 82 o‘rinli uch xostel va 68 o‘rinli ikkita yotoqxona hamda 12 o‘rinli bitta kemping faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Namangan o‘zining muqaddas va maftunkor qadamjolari bilan ham mashhur. Viloyat markazidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar bog‘i” tematik parki, Sulton Uvays Qaraniy, Bibiona, Nodim Namongoniy, Mulla Bozor Oxund, Hazrati Mavlono, O‘n bir Ahmad kabi o‘ndan ortiq qator ziyoratgohlar mavjud. Oxirgi yillarda viloyatda bunday diqqatga sazovor joylar soni oshmoqda, moddiy meros ob’ektlari esa zamonaviy zamonaviy turizm talabi va tartiblariga moslashmoqda.

Hozirga qadar “Namangan I-Xalqaro avto festival, 64-Xalqaro “Gullar festivali”, “II-Xalqaro motokross turniri”, “VI-xalqaro asal festival”, “III-xalqaro zotdor chorva hayvonlari va parrandalari ko‘rgazmasi” kabi xalqaro miqyosdagi yirik ommaviy-tadbirlar o‘tkazildi. Natijada 1256,4 ming xorijiy va 4625,0 ming mahalliy sayyoh kelib, ularga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksport hajmi 200,8 million dollarni tashkil etdi.
Turizmning kirish va chiqish turlari salohiyatini oshirish maqsadida turoperator va turagentlar faoliyatini kengaytirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. O‘tgan yili 29 ta turistik korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 118 taga yetkazildi. 2025 yil yanvar-avgust oylarida viloyatda 13 turistik korxona ishga tushirildi. Bugungi kunda turistik korxonalar umumiy soni viloyat bo‘yicha 131 tani tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi va ko‘ngilochar turizm turlari bilan birga turizmning shoping turi ham tobora rivojlanmoqda. 2024 yilda sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan Chust va Davlatobod tumanlarida ikkita turizm ko‘chasi tashkil etildi. E’tiborga molik, bunday ko‘chalar soni hozirda 24 taga yetdi.
Chust tumanidagi G‘ovasoy, Yuqori, Kamarsada, Bibiona, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Soybo‘yi, Do‘stlik, Zarbdor, Namuna, Qayroqi, Qizilyozi kabi 10 ta mahallaga maxsus soliq imtiyozlari joriy etilgan bo‘lib, bu hududlarda to‘rtta sog‘lomlashtirish markazi, bitta xostel, ikkita dam olish maskani, bitta kemping, 30 ta ovqatlanish shoxobchasi, ikkita transport xizmati, ikkita ziyorat turizmi (arxitektura yodgorliklari) va 20 ta turizmga yondosh xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Chortoq tumanidagi “Chortoq sanatoriyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan, qiymati 130 milliard so‘mlik sog‘lomlashtirish va davolash maskanini kengaytirish hamda Yangiqo‘rg‘on tumanida “Nanay archazor” mas’uliyati cheklangan jamiyat tarafidan qiymati 5 milliard so‘mlik dam olish va sog‘lomlashtirish maskanini tashkil etish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Viloyatda turizmni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida xalqaro hamkorlik aloqalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda Pop tumanida turizmni kompleks rivojlantirish maqsadida Namangan viloyatining “Arashan Resort” mahalliy turizm kompaniyasi va Yaponiyaning “NGEA - Nippon Global Education and Assessment” kompaniyasi bilan birgalikda “Arashan” ko‘llari atrofida umumiy qiymati 250 million dollarga teng zamonaviy va innovasion turizm majmuasini tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Unga asosan turizm majmuasi tarkibida ekoturizm, rekreatsion, gastronomik va ekstremal turizm ob’ektlari, chang‘i kompleksi, mehmonxona, “food city” va restoran tarmoqlari, tematik park va villalar qurish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish natijasida qariyb 2 ming ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Chust tumanining “4R-112” avtomobil yo‘l bo‘yida mavjud 25 gektar bo‘sh turgan yer maydonlarining toifasi o‘zgartirilsa, milliy merosni saqlash, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va turizmni oshirish maqsadida “Hunarmandlar markazi”ni tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi. “Chortoq” suv ombori atrofida mavjud bo‘sh turgan 60 gektar yer maydonida esa mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga olgan yirik turizm kompleksini tashkil etish bo‘yicha ham loyihalar tayyorlanmoqda.
Namangan turizmining asosiy brendlaridan biri, ya’ni “tashrif qog‘ozi” bu gul va gullar bayramidir. 1961 yildan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan gullar bayramiga Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilda “Xalqaro gullar festivali” maqomi berildi. Natijada yildan-yilga festivalning nufuzi ortib bormoqda. Joriy yilda oltmish to‘rtinchi bor o‘tkazilgan festival muddati 50 kunga cho‘zilib, u 25 maydan 13 iyulgacha davom etdi. Festival doirasida tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar hamda shahar hududlari bo‘ylab 120 turdagi 100 million tup gul ko‘chati zamonaviy landshaft-dizayn asosida ekildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘i, “Afsonalar vodiysi” tematik parki hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hududlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, sport musobaqalari, ko‘ngilochar shou tadbirlar, teatr va sirk tomoshalari, gala konsertlar, modalar haftaligi, sanoat yarmarkasi va boshqa 150 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilib, 5 millionga yaqin mahalliy hamda dunyoning 62 davlatidan tashrif buyurgan 720 mingdan ziyod turistlarda unutilmas zavqli onlarni ulashdi.
Shu o‘rinda aytish darkor, Namangan viloyatida davlat muhofazasiga olingan 280 dan ortiq moddiy-madaniy meros ob’ektlari mavjud, ular orasida bugungi kunda To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlari kesishmasida joylashgan, uch ming yillik moziydan so‘zlovchi Axsikent arxeologik yodgorligi alohida o‘rin tutadi.
Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo arxeologiyasining noyob durdonasi hisoblangan “Axsikent” yodgorligi o‘rnidagi qadimiy shahar bir paytlar Marg‘ilon, Samarqand va Hirot bilan teng ko‘rinishda bo‘lgani, Buyuk Ipak yo‘lidagi strategik ahamiyati, davlatchilik va ilmiy markaz sifatida tanilgani yuzasidan tadqiqotlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshiriqlari ijrosi doirasida arxeologik yodgorlikni saqlash va qayta tiklash bo‘yicha 50 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, hozirda Italiya texnologiyasi asosida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida barpo etilayotgan zamonaviy muzey va infratuzilmaviy inshootlar qurilishi yakuniga yetmoqda.
Turizm salohiyatining oshishida targ‘ibot ishlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda turistlar ko‘p tashrif buyuradigan Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlari to‘g‘risida yangi kontent yaratildi. Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlarining so‘lim tabiati, turistik maskanlar va ziyoratgohlari to‘g‘risida ingliz, xitoy, yapon, koreys, arab va hind tillarida ma’lumotlar tayyorlandi va viloyat turizm boshqarmasining http//namangan-tourizm.uz va http://namangan-travel.uz veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlariga joylandi.
Shuningdek, Namangan viloyati turizm boshqarmasi tomonidan mavjud ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarga sayyohlarni jalb qilish maqsadida muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarning ro‘yxati shakllantirildi va ziyoratgohlar nomi, ob’ektning tashqi tomondan ko‘rinishi, manzilli hamda ob’ekt to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar, qolaversa, 14 ta tibbiyot turizm ob’ekti, 21 ta mehmonxona, 22 ta gastronomik turizm ob’ekti va 23 ta ziyoratgoh butunjahon internet tarmog‘ida yirik interfaol xaritalar va ilovalarga joylandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.