Namangan taraqqiyoti — Yangi O‘zbekistonning yorqin timsoli
Davlatimiz rahbari 23-iyun kuni Namangan viloyatida bo‘lib, hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqboldagi bir qator vazifalarni belgilab berdi.
Bu haqda Namangan viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davomida belgilangan ustuvor vazifalar va ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat viloyat, balki butun mamlakat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etdi. Ayniqsa, mazkur tashrifda iqtisodiy o‘sish, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ta’lim, investitsiya, bandlik va aholi farovonligini oshirish masalalari o‘zaro uyg‘un holda ko‘rib chiqilgani e’tiborga molik.
So‘nggi yillarda Namangan viloyatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida sanoat hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mgacha o‘sdi. Joriy yilda esa yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga, xizmatlar sohasini 17 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilanmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Namanganning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Tashrif davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish masalalariga alohida urg‘u berildi. Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tarkibida tahlil, robototexnika va bionika markazlari, startap-akselerator, 9 ta "aqlli" xona hamda 2 ta maxsus tayyorgarlik xonalari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda sun’iy intellekt, robototexnika, "aqlli" transport, ekologiya va agrotexnologiyalar sohalarida innovatsion loyihalar ishlab chiqilmoqda. Prezidentimiz tomonidan mazkur tajribani kengaytirish va yoshlarni ilmiy-innovatsion jarayonlarga yanada faol jalb etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar kelajak iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Namanganda tashkil etilgan "aqlli" vaziyatlar markazi ham zamonaviy boshqaruv tizimining muhim namunasi hisoblanadi. Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida barpo etilayotgan "Mahalla axborot va xizmat markazi" orqali 8 ta mahalladagi 27 mingdan ortiq aholiga 980 turdagi davlat va ijtimoiy xizmatlarni "yagona darcha" tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgani raqamli davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtiradi.
Iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish maqsadida joriy yilda Namangan viloyatiga 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha umumiy qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 43 ta kelishuvga erishilgani ushbu maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatga davlat byudjetidan 4,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun qo‘shimcha 6,5 trillion so‘mlik moliyaviy resurslar yo‘naltirilmoqda. Bu mablag‘lar yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlari tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yil yakuniga qadar 80 ming nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash, 314 ming nafar aholining daromadini oshirish va 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilangan. Besh oyning o‘zidayoq 23,5 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlanib, 8 mingdan ziyod oila kambag‘allikdan chiqarilgani amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini ko‘rsatadi.
Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli vazifalar belgilandi. Joriy yilda 130 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i va yangi ob’ektlar qurilishi uchun 703 milliard so‘m ajratilishi natijasida 34 ming aholi birinchi bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 25 ming aholi kanalizatsiya tizimiga ulanadi. Jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 1-sentabrga qadar 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, kelgusi yilda esa yana 105 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgan.
Namangan viloyatidan saylangan deputat sifatida davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ana shunday ulkan maqsad va vazifalar menga ham katta faxr va yuksak mas’uliyat yuklaydi. Chunki bu raqamlar ortida minglab insonlarning taqdiri, yuz minglab oilalarning farovonligi, yoshlarning kelajagi va mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti mujassam.
Biz — deputatlar zimmasiga mazkur islohotlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, ularning ijrosini parlament nazorati orqali ta’minlash va aholining taklif hamda muammolarini davlat siyosati markaziga olib chiqishdek muhim vazifalar yuklangan.
Namanganda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan yangi yondashuvlar, investitsiya va eksportni kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining amaldagi yorqin ifodasi bo‘lib, hududni mamlakatimizning eng jadal rivojlanayotgan nuqtalaridan biriga aylantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA