Ekopartiya yuridik universitet bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur sheriklik tabiatni asrash g‘oyasini mustahkam huquqiy zamin bilan birlashtiruvchi muhim qadam bo‘ldi.
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida partiya va universitet rahbarlari bugungi kunda ekologik masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, bu yo‘nalishda hamkorlikdagi vazifalar dolzarbligini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, Ekopartiya va universitet hamkorligi birinchidan, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasidagi qonunchilikni ilmiy-huquqiy asosda takomillashtirish, ekologik tashabbuslarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda muhim o‘rin tutadi.

Ikkinchidan, ushbu hamkorlik natijasida ekologik huquq, iqlim huquqi va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida amaliy tajribaga ega yangi avlod yuristlari yetishib chiqadi. Talabalar partiya va ekologik tashkilotlarda amaliyot o‘taydi.

Uchinchidan, yoshlar ongida ekologik madaniyat mustahkamlanadi, targ‘ibot kuchayadi va fuqarolarning tabiatga bo‘lgan mas’uliyati oshadi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Ekologik partiya ekologik siyosat va jamoatchilik manfaatlarini ifodalasa, yuridik universitet mazkur tashabbuslarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratadi. Shu ma’noda ushbu memorandum aniq rejalar va qo‘shma dasturlar orqali o‘z samarasini beradi. Shuningdek, ekologik maqsadlarni amalga oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

M.Komilova, O‘zA