Nafislik va salomatlik asosi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti sport majmuasida “Sport – nafislik va salomatlik asosi” shiori ostida sport festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur festivalda turli vazirlik va idoralarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarni ijtimoiy himoyalash, ularni yanada ko‘proq jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini keng targ‘ib va tashviq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar va qizlar sportini yanada rivojlantirish, bu yo‘nalishda ayol murabbiyalarning safini yanada kengaytirish, ularning faoliyatini davr ruhiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib bormoqda. Ushbu jamoat tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan sport-sog‘lomlashtirish aksiyalari, turli musobaqalar, sport festivallari xotin-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishi va intilishi yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
“Sport – nafislik va salomatlik asosi” festivalidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham sportning ommaviyligini oshirish, barcha yoshdagi xotin- qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishdan iboratdir. Festivalda O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Davlat statistika qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimalari sportning voleybol, stol tennisi, shashka, darts, gimnastrada kabi turlari bo‘yicha kuch sinashdi.
Festival yakunida “Eng ahil jamoa”, “Jamoaning g‘alabaga bo‘lgan ishonchi”, “Eng qiziqarli o‘yin ko‘rsatgan jamoa”, “Eng quvnoq jamoa”, «Eng tezkor jamoa”, “Eng intizomli jamoa” singari o‘n ikki nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ularga tadbir tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Festivalning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.