Ta’limda hisobot uchun emas, natija uchun ishlash madaniyati qaror topishi zarur
Bugun mamlakatimiz taraqqiyoti haqida so‘z borganda, iqtisodiyot, investitsiya, texnologiya, sanoat yoki raqamlashtirish bilan bir qatorda bitta masala barcha sohalarning taqdirini belgilab berayotganini tobora chuqurroq anglayapmiz. Bu – inson kapitali va uni shakllantiradigan ta’lim tizimi.
Prezidentimizning Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etishga qaratilgan farmoni mamlakatimiz taraqqiyotining strategik ehtiyojlariga javob beradigan muhim qadam bo‘ldi. Farmonda belgilangan yangi yondashuvlar ta’limni boshqarish tizimidagi ma’muriy o‘zgarishdan ko‘ra kengroq mazmunga ega.
Prezidentimiz ta’lim sifatini oshirish, sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni joriy etish, ta’limni bozor talablariga moslashtirish, raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish vazifasini ilgari surdi. Islohotning bosh maqsadi ta’lim muassasasi insonni hayot va mehnat bozoriga qanchalik tayyorlayapti, unda mustaqil fikrlash, kasbiy kompetensiya, mas’uliyat, ijodkorlik va o‘zgaruvchan sharoitga moslashish qobiliyatini qanchalik shakllantiryapti, degan savolga javob beradigan tizimni yaratishdir.
Farmonning muhim jihatlaridan biri inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiquvchi maxsus ishchi guruh tashkil etilayotganidir. Bu bejiz emas. Zamonaviy dunyoda mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat, avvalo, tabiiy resurslar yoki geografik imkoniyatlar bilan emas, bilimli, malakali, tashabbuskor va yangilik yaratishga qodir insonlar bilan belgilanmoqda. Shuning uchun bog‘chadan boshlab maktab, professional ta’lim, oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot va malaka oshirishgacha bo‘lgan jarayonni bir-biridan uzilgan bo‘g‘inlar emas, yagona uzluksiz inson kapitali tizimi sifatida ko‘rish zarur.
Yangi vazirlik zimmasiga barcha ta’lim bosqichlari faoliyatini tashkil etish, ularning operatsion jarayonlarini muvofiqlashtirish, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash, akkreditatsiya va litsenziyalash kabi muhim vazifalar yuklanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu yerda eng muhim masala vakolatning ko‘paygani emas, balki mas’uliyatning aniqligida. Shu bilan birga, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining alohida instituti sifatida faoliyat yuritishi juda muhim ahamiyatga ega. O‘quv dasturlari, darslik va metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish, natijalarini monitoring qilish va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirish ta’lim sifatini uzluksiz yaxshilab borishning muhim shartidir.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti” g‘oyasi ham shu jihatdan alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi bitiruvchi mustaqil fikrlay olishi, axborotni tahlil qilishi, raqamli muhitda to‘g‘ri qaror qabul qilishi, chet tillarini bilishi, o‘z fikrini ravon ifoda eta olishi, jamoada ishlashi, kasbiy yo‘nalishini anglashi va eng muhimi, o‘z ustida mustaqil ishlay oladigan shaxs bo‘lishi kerak.
Farmonda oliy ta’limda davlat aralashuvini keskin qisqartirish, oliy ta’lim muassasalari mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Oliygoh o‘z ta’lim dasturini takomillashtirishi, mehnat bozori ehtiyojlarini o‘rganishi, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirishi, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishi va talabaga sifatli ta’lim berishi uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi. Evaziga esa jamiyat oldida natija ko‘rsatishi kerak. Buning uchun, eng avvalo, eski usuldagi keskin boshqaruvchilardan ko‘ra, dunyo tajribasini ko‘rgan zamonaviy menejerlar rahbarlik lavozimiga kelishi zarur.
Yangi vazirlik nomida “ta’lim” bilan bir qatorda “ilm-fan” tushunchasining turishi ham strategik ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy ta’lim ilm-fandan uzilib qolsa, u ma’lumot uzatish bilan cheklanib qolishi mumkin. Ilm-fan ta’limdan uzilsa, yangi bilimni avlodlarga tizimli ravishda yetkazish imkoniyati susayadi. Ularning uzviyligi esa ilmiy tadqiqot – yangi bilim, ta’lim mazmuni – malakali mutaxassis, innovatsiya – iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot zanjiridan iborat bo‘lgan butunlay boshqa natija beradi.
Bugungi yangilanishlarning mazmun-mohiyatini faqat yangi tuzilmalar, yangi nomlar yoki yangi vazifalar bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Islohotning haqiqiy natijasi maktabdagi dars sifatida, o‘qituvchining kasbiy nufuzida, talabaning bilimida, bitiruvchining ishga joylashishida, ilmiy maqolaning emas, ilmiy natijaning hayotga tatbiq etilishida ko‘rinishi kerak. Eng muhimi, ta’limda hisobot uchun emas, natija uchun ishlash madaniyati qaror topa boshlayotganidir. Shu bois bugungi islohotlarni yangi vazirlik, yangi tuzilma yoki yangi boshqaruv mexanizmi doirasidagina baholamasligimiz kerak. Masala mohiyatan ancha chuqur. Endi O‘zbekiston ta’limni boshqarishdan ta’lim natijasini boshqarishga o‘tishi kerak. Bundan buyon maktabning ham, texnikumning ham, universitetning ham asosiy mezoni hisobotlar emas, insonda yuzaga kelgan o‘zgarish bo‘lishi lozim.
Biz bugun maktabga qanday o‘qituvchi, universitetga qanday rahbar, ta’lim tizimiga qanday boshqaruv madaniyati va yosh avlodga qanday bilim bersak, ertaga mamlakatning intellektual qiyofasi ham shunday bo‘ladi. Shu soha vakili sifatidagi mening shaxsiy fikrim shuki, ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, uning har bir bosqichida jamoatchilik nazorati, ochiqlik va aniq natija talab qilinishi ham muhim. Chunki ta’lim birgina vazirlik yoki muassasaning ishi emas. U butun jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq. Biz bugun qanday ta’lim tizimini yaratsak, ertaga shunday jamiyatni ko‘ramiz.
Zero, ta’limga sarflangan har bir mablag‘, har bir qaror va har bir islohot oxir-oqibat insonda o‘z ifodasini topsagina haqiqiy taraqqiyotga aylanadi. Inson kapitaliga sarmoya esa O‘zbekistonning kelajagiga kiritilayotgan eng uzoq muddatli sarmoyadir.
Mavlon BOBOXONOV,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashi deputati
O‘zA.