Muzrabotda kanop yetishtiriladi
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida yuqori daromadli va sanoatbop yangi ekin – kanop o‘simligini parvarishlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, kanop qimmatbaho lub tola va moy olish uchun parvarishlanadi. U agrotexnik talablari yuqori bo‘lgan o‘simlik bo‘lib, tolasidan arzon ip-kalava, ekologik toza mato, arqon, brezent va gilam tayyorlanadi. Urug‘idan shifobaxsh yog‘ olinadi. Qog‘oz va boshqa turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Kanop tez o‘sadi. Yer unumdorligiga moslashuvchan. Qayta ishlash imkoniyati yuqori o‘simlik.
Kanop yog‘ining ovqat hazm qilishni yaxshilab, ich qotishini bartaraf etishi, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yaralarida, yo‘tal va nafas olish a’zolari kasalliklarida shifobaxsh ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Jigar va buyrak kasalliklarida profilaktik maqsadda qo‘llaniladi.

Joriy yil tumanda o‘n gektar maydonda kanop yetishtiriladi. Ayni paytda “Gulbahor beshqo‘ton” fermer xo‘jaligi dalasidagi to‘rt gektar maydonga kanop urug‘i sepilmoqda. Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishga bel bog‘lagan fermerning dalasida bo‘lib, ekin maydonining urug‘ sepishga tayyorligini ko‘zdan kechirdi. Kanop urug‘ini sepish jarayonlarini kuzatdi. Urug‘ni sifatli sepib, ekinni bir tekis undirib olish yuzasidan tegishli tavsiyalarni berdi.

Yangi loyiha tuman qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalishni rivojlantirib, kanopning mahalliy xomashyo bazasini yaratish va qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etib, fermer xo‘jaliklari daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri