Muzeylar faoliyati takomillashmoqda
Qashqadaryoda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi hamkorligida muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryoda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi hamkorligida muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston tarixi davlat, Temuriylar tarixi davlat, O‘zbekiston geologiya muzeylari vakillari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining muzeyshunoslik kafedrasi olimlari, muzeyshunoslar, viloyatdagi muzeylar rahbarlari, ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda xalqimizning urf-odatlari, an’analari, qadimiy yodgorliklarni o‘rganish va saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Muzeylar tizimini yanada takomillashtirish, xalqimizning ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzeylar fondida saqlanib kelayotgan boy tariximizni aks ettiruvchi nodir eksponatlarni asrab-avaylash, tadqiq qilish, boyitib borish, dunyoga tanitish, ulardan milliy g‘urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida “O‘zbekistonda muzeylarni tashkil etish masalalari”, “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish tartibi”, “Muzeyning ilmiy konsepsiyasi”, “Muzey faoliyatida tashrifchilar uchun xizmatlar va hamkorlik masalalari”, “Bolalarni muzeylarga jalb etishda pedagogik texnologiyalarning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Muzeylarni zamon talablariga mos, yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularda jahon muzeyshunoslik tajribalarini qo‘llashga zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.