Muzey yangi binoda ish boshladi
Termiz shahrida Surxondaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Termiz shahrida Surxondaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tantanali marosimda Termiz davlat universiteti kafedra mudiri, tarix fanlari doktori, professor S.Tursunov va boshqalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda boy tariximizni qayta tiklab, rivojlantirish, muzeylar faoliyatini takomillashtirish va madaniyat hamda san’atni yangi bosqichda yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2017 yil 31 maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada rivojlantirishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotir.
Termiz shahrida mazkur muzeyga asos solinganiga 85 yil bo‘lmoqda. U mamlakatimizdagi eng keksa madaniy-ma’rifiy muassasalardan biri sanaladi. Biroq mustaqillik yillari bir necha marta boshqa binolarga ko‘chirilib, Hakim at-Termiziy majmuasidagi “Meros” muzeyi binosida, Termiz shahridagi sobiq “Harbiy qala”da va viloyat xo‘jalik sudining eski binosida faoliyat yuritdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil muqaddam viloyat markazidagi Tadbirkorlar binosi muzey balansiga o‘tkazilib, madaniy-ma’rifiy muassasasiga moslashtirish uchun yirik hajmdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 19 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, uning 15 milliard so‘mi qurilish-ta’mirlash ishlariga, 4 milliard 500 million so‘mi eksponatlar bilan jihozlashga sarflandi. Uch qavatli muhtasham binoga 8 ta zamonaviy infokiosk o‘rnatilib, vohaning boy o‘tmishi va bugunini videotasvirlar yordamida namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.
Muzey ekspozitsiyasi besh bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda tabiat, ikkinchi boshlang‘ich qismida arxeologiya va tarix, ikkinchi yarmida tasviriy san’at va mustaqillik davri, uchinchi qavatda etnografiya bo‘limlari joylashgan.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 maydagi qarori bilan muzey negizida “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilib, unga Termiz tumanidagi “Zurmala minorasi”, “Eski Termiz” yodgorligi, Sherobod tumanidagi “Zarutsoy”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on minorasi”, Sho‘rchi tumanidagi “Dalvarzintepa” Muzrabot tumanidagi Oks Aleksandriyasi (Kampirtepa) madaniy meros ob’ektlari biriktirildi.
Barcha sharoitlarga ega zamonaviy yangi binoda ish boshlagan muzey fondida 16 yo‘nalishda 61 ming 325 eksponat saqlanmoqda. Uning 3 ming 150 tasi noyob ashyo va kolleksiyalardir.
Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov so‘zga chiqdi.