Muxlislar “Buxoro” jamoasiga ishonch bildirdi
Buxoro shahridagi Yoshlar markazida 2022 yilgi futbol mavsumida “Buxoro” jamoasida to‘p suradigan futbolchilarni tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda sektor rahbarlari, jamoa a’zolari, muxlislar qatnashdi.
Tadbirda jamoaning o‘tgan yilgi mavsumda ko‘rsatgan o‘yini, jamoa egallagan o‘rindan muxlislar ham, mutasaddilar ham qoniqmagani, yuzaga kelgan muammolar hozirda to‘liq bartaraf etilgani aytildi. Bu yil jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida so‘z borarkan, “Buxoro” joriy mavsumda Pro-liga bahslarida munosib ishtirok etgani, yuqori liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, jamoaga tajribali murabbiy Hakim Fuzaylov, shuningdek, qator mahalliy mahoratli futbolchilar taklif qilingani qayd etildi. Jamoa muxlislarni chiroyli o‘yinlar va g‘alabalar bilan xursand qilishiga ishonch bildirildi. Qolaversa, yaqin kunlarda Buxoro sport majmuasi maydoni belgilangan standartlar bo‘yicha ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetishi va futbol muxlislari sevimli jamoalarining uy uchrashuvlarini o‘yingoh tribunasidan turib qo‘llab-quvvatlashlari uchun sharoit yaratilayotgani e’tirof etildi.
[gallery-6110]
Ta’kidlash lozim, “Buxoro” jamoasi tarkibiga mavsum oralig‘ida Dmitro Sidorenko, Rizvan Abdilatarov, Xurshid Olimov, Nikola Stoshich, Obid Jo‘raboyev, Jasur Xasanov, Jamoliddin Ubaydullayev, Sardor Eminov, Ruzimboy Ahmedov, Sobit Sindarov, Oleg Marchuk kabi futbolchilar kelib qo‘shildi.
Taqdimotda ushbu futbolchilarga jamoa liboslari tantanali tarzda topshirildi. Ma’lumot o‘rnida, “Buxoro” jamoasi joriy mavsumni Muborakning “Mash’al” jamoasiga qarshi boshladi. Samarqanddagi “Dinamo” stadionida kechgan bahsda durang natija qayd etildi. 2:2. Keyingi turda Hakim Fuzaylov shogirdlari G‘uzorda “Sho‘rtan” jamoasi bilan kurashadi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA