“Mutolaa marrasi” – yoshlar tafakkurini yuksaltirishga qaratilgan yangi loyiha
Sirdaryo viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan kitobxonlik madaniyatini yoshlar orasida yanada keng targ‘ib qilish, ularning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida “Mutolaa marrasi” nomli yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyiha doirasida 200 nafardan ortiq yoshlar bir maydonda jam bo‘lib, “Mutolaa” mobil ilovasi orqali Said Ahmadning “O‘n sakkiz yoshing” hikoyasini ommaviy tarzda tingladilar. Asar mazmunini yanada mustahkamlash maqsadida oldindan tayyorlangan 20 ta test savoli ishtirokchilarga taqdim etilib, ular tomonidan bajarildi.

Loyiha yoshlarni faqat kitob tinglashga emas, balki tahlil qilish, fikrlash va mustaqil xulosa chiqarishga yo‘naltirishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3 nafar ishtirokchi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan diplomlar hamda “Mutolaa Premium” kartalari bilan taqdirlandi.

– Yangi loyihaga “Mutolaa marrasi” deb nom berdik. 200 dan ziyod yoshlar bir joyda jam bo‘lib, “Mutolaa” ilovasidagi bitta hikoyani ommaviy tarzda tinglayapmiz. Ushbu hikoya asosida 20 ta test savoli tayyorladik, asar yakunlangach, ishtirokchilar testlarni yechdilar. Kuchli uchlikni alohida rag‘batlantirdik. Birinchi mashg‘ulot uchun Said Ahmadning “O‘n sakkiz yoshing” hikoyasi tanlandi, – dedi Sirdaryo viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘ining kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Yorqinjon Hayitboyev.

“Mutolaa marrasi” loyihasi endilikda har haftada bir marotaba o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA