“Yog‘ochli sardoba”da ma’rifiy tadbir
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Fayzliobod mahallasida joylashgan tarixiy “Yog‘ochli sardoba” hududida 18-aprel — Xalqaro yodgorliklar va tarixiy joylarni asrash kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda kitobsevarlar, yoshlar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580-yilda barpo etilgan mazkur gidrotexnik inshoot bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” o‘zining murakkab me’moriy yechimi, suvni saqlash va taqsimlash tizimi bilan ajdodlarimizning yuksak muhandislik tafakkuridan dalolat beradi. Shu jihatdan u nafaqat tarixiy yodgorlik, balki hududning turizm salohiyatini oshirishda muhim omil sifatida ham xizmat qilmoqda.

“Tarix – kelajak ko‘zgusi” shiori ostida o‘tgan mazkur tadbir Sirdaryo viloyatida o‘tkazilayotgan VI “Kitobxonlik haftaligi” doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi hamda Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni mahallaning faxriy nuroniysi Mavlon Eshonqulov ochib berdi. U o‘z so‘zida tarixiy merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi. Shundan so‘ng mahalla raisi Pardaboy Jo‘rayev va soha mutaxassislari tomonidan sardobalarning Buyuk ipak yo‘li davridagi ahamiyati, ularning savdo karvonlari uchun hayotiy suv manbai bo‘lgani haqida ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, cho‘l hududlarida suvni tejash va samarali taqsimlashga qaratilgan muhandislik yechimlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotgani qayd etildi.

– Bilamizki, Sirdaryo viloyatida Buxoro, Xiva, Samarqand va Qashqadaryodagidek boy tarixiy merosga ega, o‘tmish bilan bugunni bog‘lovchi joylar, qadimiy obidalar ko‘p emas. Xovosdagi Xovos tepaligi, Sardobadagi “Yog‘ochli sardoba”ni aytmaganda, mavjudlari ham sanoqli, – deydi mahalla raisi Pardaboy Jo‘rayev. – Hududimizda joylashgan sardoba ham noyob va biz uchun betakror inshootdir. Uning gumbazsimon tuzilishi, yerdan ikki metr balandlikda joylashgan tuynuklari, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetrik qurilishi hamda devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning o‘ziga xos me’moriy yechimidan dalolat beradi.
So‘nggi vaqtlarda “Yog‘ochli sardoba”ga qiziquvchilar soni birmuncha ortgan. Hatto xorijlik sayyohlarning ham tashrif buyurayotgani ushbu inshootning betakrorligini yanada yaqqol namoyon etmoqda.
– Kitobxonlik haftaligi doirasida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbir davomida nafaqat mutaxassislar, balki biz keksa avlod vakillari ham yoshlarga otalarimiz va bobolarimizdan eshitganlarimiz, bilganlarimizni hikoya qilib berdik, – deydi Pardaboy Jo‘rayev.
Tadbir davomida madaniy dastur ham tashkil etildi. Jumladan, “Turon” teatr jamoasi va Sardoba tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan tarixiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ushbu chiqishlar orqali tadbir ishtirokchilari bevosita tarix sahifalariga sayohat qilgandek bo‘ldilar.

Ayniqsa, kecha davomida 9-sonli musiqa maktabining “Dutorchi qizlar” ansambli hamda shu hududda istiqomat qiluvchi qirg‘iz milliy madaniy markazining folklor ansambli tomonidan ijro etilgan “Oskon Jerim” (“o‘sgan yurtim”) nomli qirg‘iz xalq qo‘shig‘i tadbirga alohida ruh bag‘ishladi. Milliy liboslarda namoyish etilgan raqs chiqishlari esa yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan “Tabiatga to‘rt sovg‘a” shiori ostida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, “Sardoba suv gumbazi” atrofida ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazilib, hududni ko‘kalamzorlashtirish va tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan amaliy ishlar bajarildi.
– “Kitobxonlik haftaligi” shunchaki tadbir emas, balki jamiyatda kitobga bo‘lgan ehtiromni yuksaltirish, yoshlar qalbida mutolaaga qiziqish uyg‘otish, ularni ma’naviy yetuk shaxs etib tarbiyalashga qaratilgan muhim ma’rifiy harakatdir, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi xodimi Zokir Xoldorov. – Haftalik doirasida sardobada o‘tkazilgan tadbir esa tarix va ma’rifat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgani, yoshlar qalbida milliy merosga hurmat va kitobga mehr tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA