Mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi bo‘lgan butun xalqimizga minnatdorlik bildirildi
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz mustaqillikning kuch-qudrati madaniyat, san’at va sportni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilayotgan insonlarning mahoratida, islohotlar ijrosini har bir mahalla va har bir xonadonga yetkazayotgan davlat xizmatchilarining mehnatida ham namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
Joylarda odamlarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, xalq osoyishtaligi hamda Vatan tinchligini ta’minlayotgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasorati alohida qayd etildi.
– Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi, bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Fidoyi va bunyodkor vatandoshlarimiz, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi bo‘lgan butun xalqimizga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Prezidentimiz inson qadri ulug‘langan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan xalq bilan birgalikda dadil borilayotganini ta’kidladi.
O‘zA