Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda
So‘nggi o‘n yilda xalq bilan hamjihat bo‘lib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iqtisodiyot tez sur’atlarda barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi.
O‘tgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod ko‘paydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish o‘rni yaratildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 200 ming o‘rinli zamonaviy maktab, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirildi.
Odamlarning uzog‘ini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurildi va ta’mirlandi. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib bordi, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi. Xalqimizda “Uyli bo‘lish – vatanli bo‘lish” degan naql bor. Shu ma’noda, kamida 2,5 million aholi vatanli bo‘ldi!
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA