Mustaqillikka munosib tuhfa
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida maktabgacha ta’lim infratuzilmasini yanada rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim loyiha amalga oshirildi. Bekat mahallasida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan 180 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining ijtimoiy sohani rivojlantirish, ta’lim muassasalarini zamonaviy qiyofaga keltirish va bolalar uchun munosib ta’lim-tarbiya muhitini yaratishga qaratilgan siyosati doirasida barpo etilgan mazkur muassasa Prezidentning tegishli qarori asosida qurildi. Loyihani amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Avval mazkur hududda 90 o‘rinli, uzoq yillar davomida foydalanilgani sababli ta’mirtalab holatga kelgan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining binosi faoliyat yuritgan edi. Yangi binoda muassasaning quvvati ikki barobarga oshirilib, 180 o‘ringa yetkazildi. Bu esa mahalladagi yanada ko‘proq bolani maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkonini yaratdi.

Ikki qavatli zamonaviy binoda bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Muassasa keng va yorug‘ guruh xonalari, shinam yotoqxonalar, zamonaviy oshxona, musiqa va sport mashg‘ulotlari xonalari, shuningdek, obodonlashtirilgan hovli hamda bolalar maydonchalari bilan jihozlangan.

Qurilish-montaj ishlari "Sirdaryo Baraka Qurilish" MCHJ tomonidan belgilangan muddatlarda va sifat talablari asosida bajarildi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida yangi ish o‘rinlari ham yaratildi va mahalliy aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shildi.


Tantanali ochilish marosimida Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirok etib, yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan mahalla ahlini tabrikladi. Shuningdnek, u o‘z so‘zida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun munosib sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Mazkur zamonaviy ta’lim muassasasining ishga tushirilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Boyovut tumani aholisi, ayniqsa, bolajonlar va ularning ota-onalari uchun qutlug‘ tuhfa bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri