Kitob o‘qib, dunyoni kez: “Dunyo mamlakatlari” tanlovi g‘oliblari xorijga yo‘llanma oldi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida muallif Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi asosida tashkil etilgan keng ko‘lamli intellektual tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 22-may 2026-yildagi tegishli farmoyishi bilan yurtimizda tizimli Milliy kitobxonlik harakatiga start berilgandi. "Dunyo mamlakatlari" kitobi asosida o‘tkazilgan intellektual tanlovni ham aynan ushbu ezgu harakatga hissa qo‘shish maqsadida qilingan ezgu intilish sifatida baholash mumkin.
“Qanot” va “Dastxat” loyihalari tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlov yoshlarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish hamda ularning global dunyoqarashi va xalqaro bilimlarini yuksaltirishda ham yangi qadam bo‘ldi.
Dunyoda turli geosiyosiy qarama-qarshiliklar avj olib, global miqyosda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch tanazzulga yuz tutayotgan, tashqi yot oqimlar va mafkuraviy ta’sirlar muttasil xuruj qilayotgan bir paytda, mazkur loyiha yoshlarimiz uchun o‘ziga xos ma’rifiy qalqon vazifasini o‘taydi.
– Xalqaro maydondagi hozirgi shiddatli o‘zgarishlar sharoitida yoshlarimiz dunyo tamaddunidan uzilib qolmasliklari, aksincha, jahondagi barcha davlatlarning siyosiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarini teran anglaydigan intellektual qatlam bo‘lib yetishishlari shart, – deydi muallif Laziz Rahmatov. – Maxsus bot orqali o‘tkazilgan mazkur loyiha doirasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bilan birga, yigit-qizlarimizda konstruktiv muloqot madaniyatini, xalqaro munosabatlarga nisbatan xolis dunyoqarashni, xalqlar o‘rtasida tinchlik-totuvlikni ta’minlash muhim masala ekanini teran tushuntirishni maqsad qildik.
Zamonaviy onlayn shaklda tashkil etilgan ushbu tanlov qisqa fursatda keng jamoatchilik va yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ikki oy davom etgan bilim marafonida respublikamizning barcha hududlaridan 1 ming 200 nafardan ziyod intiluvchan o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi.
[gallery-30443]
Tanlovga asos bo‘lgan “Dunyo mamlakatlari” ensiklopediyasi jahon davlatlarining o‘tmishi va buguni, tabiati, madaniyati, tashqi siyosati va eng muhimi, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama do‘stona munosabatlari aks etgan qimmatli asardir.
Ishtirokchilar kitobdan o‘rin olgan 236 ta mamlakatning 30 tasi bo‘yicha “oddiydan murakkablik sari” tamoyili asosida tashkil etilgan ikki bosqichli test va kun ora o‘tkazilgan interfaol viktorinalarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, jami 200 nafar ishtirokchi va faol targ‘ibotchilar taqdirlandi. E’tiborlisi, 6 nafar sorinli o‘rinlar g‘oliblari kitobda mutolaa qilgan davlatlarini o‘z ko‘zlari bilan bevosita ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi:
1-2-o‘rin: Turkiya davlatiga;
3-4-o‘rin: Misr davlatiga;
5-6-o‘rin: Vetnam davlatiga sayyohat yo‘llanmasi va maxsus diplomlar.
Shuningdek, 7-15-o‘rin egalariga pul mukofotlari, 16-150-o‘rin sohiblariga umumiy hisobda 1000 ta kitoblar to‘plami hamda loyihani keng yoritgan 20 nafar eng faol targ‘ibotchilarga maxsus sovg‘alar topshirildi. Taqdirlash marosimida yurtimizning taniqli shoir va yozuvchilari, san’atkor va jurnalistlari ishtirok etdi.
Shu kuni yangi tashkil etilgan “Bilimlar ligasi” platformasi doirasida sovrin jamg‘aramasi 5 ming dona kitobdan iborat bo‘lgan “Bitta kitob o‘qiymiz – o‘nta kitob yutamiz” tanloviga start berildi.
Bu kabi tanlovlar yosh avlodni nafaqat kitobga oshno qilish, balki ularni O‘zbekistonni dunyoga tanitadigan salohiyatli va bilimdon avlod bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (suratlar),
O‘zA