Mustaqillik – taraqqiyot, bunyodkorlik va yangi marralar timsoli
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka ta’sirchan yetkazish, partiya faollari hamda deputatlarning tashabbuskorligi va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Toshkent viloyatida qator ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Markaziy apparati mas’ul xodimlari xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani, Nurafshon va Olmaliq shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida deputatlik guruhlarining faoliyati, saylovchilar bilan ishlash samaradorligi, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan masalalarni chuqur o‘rganish hamda ularning qonuniy va amaliy yechimini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Shuningdek, partiya tuzilmalari va deputatlik korpusi oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbari boshchiligida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga sodda, tushunarli va ta’sirchan tarzda yetkazish, joylarda fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni yanada kuchaytirish, saylovchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama etildi.
Ayniqsa, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimini ta’minlashda deputatlik so‘rovi, deputatlik nazorati hamda boshqa ta’sirchan mexanizmlardan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbirlarda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishda partiyaning qat’iy siyosiy pozitsiyasini namoyon etish va deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash muhim ekani qayd etildi.

Uchrashuvlar yakunida deputatlik guruhlari faoliyati natijadorligini oshirish, hududlardagi mavjud muammo va masalalarni manzilli o‘rganish, aholi bilan doimiy va tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bunday ochiq muloqotlar deputatlarning aholi oldidagi mas’uliyatini yanada oshirish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va hududlardagi dolzarb masalalarni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Musayev, O‘zA