Mustaqillik tadbirlari davom etmoqda (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri hamda boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilarining qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatan tinchligi va osoyishtaligini asrash, xalq manfaatlariga fidoyilik bilan xizmat qilish kabi ezgu g‘oyalar tarannum etildi.
Tadbirda Institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirok etdi.
Tantanali marosimda mamlakatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, uning milliy taraqqiyotimizdagi beqiyos o‘rni, shuningdek, mustaqillik yillarida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbir davomida xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashib, jangovar va kasbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida yuqori natijalar ko‘rsatayotgan, safdoshlariga o‘zining ibratli faoliyati bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar rag‘batlantirildi.
Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Ahmedov tomonidan bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri hamda Institut boshlig‘ining buyruqlari asosida rag‘batlantirilgan xodimlarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning eng hayajonli va mas’uliyatli lahzasi — boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilarining qasamyod qabul qilish marosimi bo‘ldi.
Kasbga ilk qadam qo‘yayotgan yosh xodimlar Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy rioya etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga tantanali ravishda qasamyod qildilar.
Qasamyod — har bir ichki ishlar xodimi uchun sharafli burch va yuksak mas’uliyat ramzi. Ushbu tantanali lahza tinglovchilar qalbida Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat va xalq manfaatlariga xizmat qilish tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Mazkur tadbir mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasini munosib nishonlash bilan birga, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar va yangi avlod vakillarini Vatan taqdiri, xalq tinchligi va yurt osoyishtaligi uchun yanada mas’uliyat bilan xizmat qilishga ruhlantirdi.
Muhayyo Turdaliyeva, Salimjon Obidjonov, O‘zA