Mustahkam oila — millat kelajagi
15-may - Xalqaro oila kuni
Nukusda “Oilamiz-kelajagimiz” g‘oyasi asosida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Oila jamiyatning asosiy negizi, hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘idir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda 494 mingdan ortiq oila istiqomat qiladi. Har yili o‘rtacha 12-14 ming atrofida yangi oila quriladi. Keyingi yillarda oilaviy korxona, oilaviy tadbirkorlik, oilaviy kredit kabi atamalar hayotimizga kirib keldi. Bu iqtisodiyotimizni barqaror qilishda ham oilaviy bo‘lib tadbirkorlik qilishga, oilaviy bo‘lib biznesni yo‘lga qo‘yishga va shu orqali oila farovonligini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda.
Haqiqatdan ham mahallalarda barkamol avlodni voyaga yetkazish va kambag‘allikka qarshi kurashishda ibratli oilalar yelkadosh bo‘lib kelayotgani har qanday yuksak e’tirofga munosib. Bunday oilalar qancha ko‘paysa, Vatanimiz shuncha kuchli, xalqimiz shuncha qudratli bo‘ladi!
Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos bo‘ladi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilib, har yili 15-may – Xalqaro oila kunida o‘z egalariga tantanali tarzda topshiriladi. Bu yil 170 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yildan yilga ibratli oilalarning safi ortib bormoqda Shunday oilalardan biri Jenisbay Tanatarov oilasidir. Uning oilasi jamiyatda nafaqat o‘zining ahil va mustahkam turmush tarzi, balki saxovatpesha va bag‘rikengligi bilan ham alohida e’tiborga loyiq oilalardan. Ushbu oila beshta oilani uy-joy bilan ta’minlab, ularning turmush sharoitini yaxshilashga munosib hissa qo‘shgan. Shuningdek, o‘nga yaqin uyning tom qismini yangidan ta’mirlab berdi. Bundan tashqari, yuzga yaqin ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat va moddiy yordam ko‘rsatilib, insonparvarlik va saxovat namunasi namoyon etilgan.
Tanatarovlar oilasi mahalla obodonligiga ham befarq emas. Ular tashabbusi bilan mahallalarda ikkita stadion (gazon)barpo etilgan bo‘lib, bu yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish, sport bilan mashg‘ul bo‘lishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Keyingi yillarda yoshlarimiz tomonidan, ayrim hollarda yoshi ulug‘lar tomonidan ham oilaviy qadriyatlarimizga, oilaning muqaddasligiga, oiladagi tarbiyaga e’tibor biroz susaygandek ko‘rinmoqda. To‘g‘ri hozirgi paytda globallashuv tezlashdi, axborot oqimlari juda kuchaydi, axborot olish manbalari juda ko‘paydi. Lekin yaxshi tomoni ham bor, salbiy tomonlari ham afsuski mavjud.
Ayrim oilalarda er-xotin, farzandlar, aka-uka, opa-singillar, yaqin qarindoshlar, qayin ota-onalar o‘rtasida mehr-oqibat, bir-biriga yelkadosh bo‘lish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, odamiylik kabi insoniy fazilatlarga e’tibor kamayganligini ko‘ryapmiz.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2026-yilning shu kuniga qadar Qoraqalpog‘istonda 728 dan ortiq oila ajrashgan. Bunday holatlarning oldini olishda, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda, yoshlarni oilaga tayyorlashda, farovon oilalar safini yanada ko‘paytirishda ibratli oilalarning o‘rni alohida e’tirof etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida “Shanaraq” nodavlat notijorat markazi, 17 ta shahar va tumanda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyat olib bormoqda. Barcha mahallalarda mahalla raisi boshchiligida Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tuzilgan.
Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham yurtimizda oila degan muqaddas qo‘rg‘onni mustahkamlash, mehr-oqibat, sadoqat va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etmoqda. Zero, ahil va mustahkam oila jamiyat tayanchi, millat kelajagi va ma’naviyat beshigidir.
[gallery-29460]
Oilada hukm surgan mehr, hurmat va tarbiya butun jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra birinchi o‘rinni Chimboy tumani “Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Razbekovlar oilasi, ikkinchi o‘rinni Qonliko‘l tumani “Oltinko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Nagmetovlar oilasi, uchinchi o‘rinni Beruniy tumani “Tinchlik” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Nurmanovlar oilasi egalladi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan oilalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.