Musiqa va san’at maktablarini zarur jihozlar bilan ta’minlash holati qanday? – Vazir javob berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Madaniyat vaziri O.Nazarbekovning “Bolalar musiqa, san’at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta’lim sifatini oshirish, ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanish holati to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda madaniyat va san’at ta’limi sohasida 8 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 22 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, malaka oshirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat olib bormoqda. Ammo sohada ta’lim sifatini yanada oshirish uchun moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, musiqa cholg‘ulari va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Parlament so‘roviga javobda hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Urganchdagi muassasa binosi rekonstruksiya qilinib, zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Namangandagi maktab-internat binosini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
2027–2029-yillarda Qarshidagi maktab-internat o‘quv binosi qurilishiga 5 milliard so‘m, Buxorodagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va yotoqxonasi qurilishiga 7 milliard so‘m, Namangandagi muassasani kapital ta’mirlash bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlariga 500 million so‘m yo‘naltirish belgilangan.
Xalq vakillari ta’lim muassasalarining musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlanganlik holatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda bolalar musiqa va san’at maktablaridagi 1 ming 229 ta milliy va 1 ming 483 ta Yevropa musiqa cholg‘usi ma’nan eskirgan yoki foydalanishga yaroqsiz ekani aniqlangan. Ayni paytda muassasalarda jami 9 ming 779 ta musiqa cholg‘usiga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ularni xarid qilish uchun 115,9 milliard so‘m talab etiladi.
Ehtiyojni bosqichma-bosqich qoplash maqsadida 2023-2025-yillarda 5,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 4 ming 789 ta milliy musiqa cholg‘usi xarid qilingan. 2026-yilda esa 27 ta maktabga 71 ta fortepiano yetkazib berilgan. Bundan tashqari, 6,4 milliard so‘m evaziga 19 nomdagi 158 ming nusxa o‘quv adabiyotlari va nota to‘plamlari tarqatilgan. Kelgusida maktablarni o‘quvchilar kontingenti va haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli jihozlash rejalashtirilgan.
San’at ta’limi sifatini ta’minlashda pedagoglar va konsertmeysterlarning kasbiy mahorati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu maqsadda olis hududlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish, tor ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Jumladan, Prezidentning tegishli farmoni bilan nufuzli tanlovlar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga bir yil davomida 100 foizgacha, 2026/2027 o‘quv yilidan esa o‘quvchilarning ijrochilik darajasidan kelib chiqib har oyda 20 foizgacha ustama to‘lash belgilangan. Shuningdek, pedagoglar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglari darajasiga tenglashtirish nazarda tutilgan.
Pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. 2025-yilda 1 ming 63 nafar, 2026-yil avgust holatiga 703 nafar pedagog malaka oshirish kurslaridan o‘tgan. 2025-2026-yillarda attestatsiya natijalariga ko‘ra 5 ming 680 nafar pedagogning malaka toifasi oshirilgan.
Sohada boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Madaniyat ERP” axborot tizimi orqali o‘quvchilarni qabul qilish, ularni sinf va guruhlarga taqsimlash, pedagoglarga biriktirish, o‘quv yuklamalari hamda kadrlarga oid ma’lumotlarni elektron yuritish imkoniyati yaratilgan.
Muhokamalarda maktablar quvvatini talabga mos ravishda kengaytirish, ta’mirtalab muassasalarni manzilli dasturlarga kiritish, yaroqsiz musiqa cholg‘ularini bosqichma-bosqich yangilash, pedagog va konsertmeysterlar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda raqamlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
M.Komilova, O‘zA