O‘zbek kinosi yangi davrda: Islohotlar, imkoniyatlar, erkinlik
«Renessans» kino uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekfilm» kinostudiyasiga tashrifi davomida kinoijodkorlar bilan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda 200 nafarga yaqin taniqli aktyorlar, rejissyorlar, prodyuserlar va yosh kinoijodkor ishtirok etdi.
Anjumanda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov Prezident tashabbusi bilan milliy kino sohasida boshlangan islohotlar, yangi boshqaruv tamoyillari va oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugun milliy kino oldida turgan asosiy vazifa sohani zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish, ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va o‘zbek kinoijodkorligining raqobatbardoshligini oshirishdir.
Shu maqsadda ijodiy erkinlikni kengaytirish, davlat buyurtmasi tizimidan natijadorlikka asoslangan subsidiyalash mexanizmiga bosqichma-bosqich o‘tish, sog‘lom raqobat va shaffoflikni ta’minlash islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, kino ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, milliy filmlarning xalqaro bozorga chiqishini kengaytirish va «O‘zbekfilm»ning milliy kino brendi sifatidagi mavqeini mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada O‘zbekiston xalq artisti, uyushma raisi Matyoqub Matchonov ham so‘zga chiqdi. U O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasining tashkil etilgani, uning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek, kinoijodkorlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir davomida palata faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, kinoijodkorlar o‘rtasida hamjihatlikni kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan fikr almashildi.
Aslida, milliy kinoning rivoji faqat yangi filmlar suratga olish bilan o‘lchanmaydi. Buning uchun ijodkorga erkinlik, loyihalarga munosib sharoit, sohaga esa aniq va shaffof tizim kerak. Islohotlarning samarasi ham, eng avvalo, ana shu imkoniyatlarning amalda qanchalik ishlashi bilan namoyon bo‘ladi.

Konferensiyada bildirilgan fikr va takliflar ham shu maqsadga qaratildi, ya’ni Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni hayotiy natijalarga aylantirish, milliy kinoning ijodiy va iqtisodiy salohiyatini oshirish, o‘zbek filmlarining xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga zamin yaratish.
Zero, milliy kino xalqning tarixi, qadriyatlari, orzu-intilishlari va bugungi hayotini ekranda aks ettiradigan muhim san’at turidir. Uni yangi bosqichga olib chiqish esa nafaqat kino sohasi vakillari, balki butun madaniy hayotimiz uchun ahamiyatli vazifa.
N.Usmonova,
O‘zA