Musialaning holati haqida ma’lumot berildi
Bild nashrining yozishicha, futbolchining sog‘lig‘ida jiddiy muammo aniqlanmagan.
«Bavariya» yarim himoyachisi Jamal Musiala «Leypsig»ga qarshi uchrashuvda yuz bergan noxush holatdan keyin mashg‘ulotlarga qaytdi. Bild nashrining yozishicha, futbolchining sog‘lig‘ida jiddiy muammo aniqlanmagan.
23 yoshli futbolchi «Bavariya» 3:1 hisobida g‘alaba qozongan o‘rtoqlik bahsining 83-daqiqasida, gol urganidan ko‘p o‘tmay o‘zini yomon his qilgan. Bunga kuchli issiq ta’sir qilgani aytilmoqda.
Musialaning ahvoli og‘irlashganini sezgan Ismael Saybari darhol uning yoniga yetib kelib, jamoadoshining maydonga yiqilishiga yo‘l qo‘ymagan. Tibbiyot xodimlari futbolchiga bir necha daqiqa davomida yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng u maydonni mustaqil tark etgan va uning o‘rniga Bara Sapoko Ndiaye o‘yinga qo‘shilgan.
Hodisaning ertasiga Musiala jismoniy tayyorgarlik murabbiyi nazoratida individual mashg‘ulot o‘tkazdi. U to‘p bilan ishlash, dribling va darvozaga zarba berish mashqlarini bajardi.
Manbaga ko‘ra, mashg‘ulot davomida yarim himoyachida hech qanday noqulaylik kuzatilmagan. U jismoniy holatini aniqlash uchun tashkil etilgan testdan ham muvaffaqiyatli o‘tgan.
Mashg‘ulot yakunida Musiala klub qarorgohi oldida kutib turgan muxlislarga dastxat ulashgan. Bild futbolchining kayfiyati yaxshi bo‘lgani va u shanba kungi voqeadan keyin to‘liq tiklangandek ko‘ringanini qayd etdi.