Krishtianu Ronaldu futboldan keyingi hayoti uchun reja tuzib qo‘ygan
«An-Nasr» hamda Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi kelajak rejalari haqida Vogue nashriga bergan intervyusida gapirdi.
Krishtianu Ronaldu professional futboldan ketganidan keyin asosiy e’tiborini oilasi, sayohatlar va sevimli mashg‘ulotlariga qaratmoqchi. «An-Nasr» hamda Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi kelajak rejalari haqida Vogue nashriga bergan intervyusida gapirdi.
41 yoshli futbolchining tan olishicha, chorak asrdan ortiq vaqt davom etgan faoliyatini yakunlash uning hayotida katta bo‘shliq hosil qilishi mumkin. Ronaldu bu davrga oldindan tayyorgarlik ko‘rayotgani va vaqtini bir nechta yo‘nalishga taqsimlash niyatida ekanini bildirdi.
«Kelajagimni rejalashtirib qo‘yganman. Futbol katta bo‘shliq qoldirishi mumkin va uni turli yo‘llar bilan to‘ldirish kerak», — dedi portugaliyalik futbolchi.
Ronaldu faoliyatidan so‘ng ko‘proq sayohat qilish, dam olish va sport musobaqalarini kuzatishni rejalashtirgan. Shuningdek, u o‘zi qiziqadigan padel bilan muntazam shug‘ullanishni istaydi. Hujumchi 25 yillik mashaqqatli mehnat natijalaridan yaqinlari bilan birga bahramand bo‘lishni ham ustuvor maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatgan.
Krishtianuning «An-Nasr» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozida yakunlanadi. U kelgusi mavsum faoliyatidagi so‘nggi mavsum bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan. Avvalroq hujumchi 2026 yilgi jahon chempionati uning uchun oxirgi mundial bo‘lganini tasdiqlagandi.
O‘tgan mavsumda Ronaldu Saudiya Arabistoni klubi safida barcha turnirlar doirasida 37 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U mazkur bahslarda 30 ta gol urib, uchta golli uzatmani amalga oshirdi. JCH-2026da esa Portugaliya milliy jamoasi tarkibida besh marta maydonga tushib, uchta gol muallifi bo‘ldi.
Ronaldu faoliyati davomida besh marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. U Portugaliya bilan Yevro-2016 va ikki bor Millatlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. Besh karra «Oltin to‘p» sohibi klublar hamda milliy jamoa safidagi gollari sonini 1000 taga yetkazishga yaqin turibdi.