Murojaatnoma va strategiyadagi madaniyat va san’at yo‘nalishidagi maqsad-vazifalar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi yuzasidan O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, milliy musiqiy merosni asrash va targ‘ib etish, zamonaviy kompozitorlik maktabini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan inson kapitaliga investitsiya, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash vazifalari kompozitorlar va bastakorlar oldiga ham yangi vazifa va mas’uliyatni qo‘yadi. Shu munosabat bilan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish, ular uchun ijodiy loyihalar va tanlovlarni tashkil etish, milliy va zamonaviy musiqa uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, sohada raqamlashtirish, asarlarning mualliflik huquqini himoya qilish, milliy musiqani xalqaro maydonda keng targ‘ib etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilish yakunida Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilangan loyihasida madaniyat va san’at sohasi bo‘yicha belgilanayotgan vazifalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
M.Komilova, O‘zA