Farg‘ona viloyati ijtimoiy xodimlari “Zakovat”da g‘oliblikni bo‘ldi
Poytaxtimizdagi “Zakovat arena”da Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Butunjahon ijtimoiy ish kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Ijtimoiy ish oyligi” doirasida mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ijtimoiy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, nazariy bilimlar bilan amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy xodimlar va talabalar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Intellektual bellashuvda ijtimoiy xodimlardan tashkil topgan 14 ta jamoa hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalaridan tashkil topgan 16, jami 30 ta jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoa 6 nafar bilimdon ishtirokchidan iborat bo‘lib, ular bilim, tezkorlik va mantiqiy fikrlash borasida o‘zaro bellashdi.
[gallery-28545]
Bellashuv davomida ishtirokchilar ijtimoiy soha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tarix, madaniyat va umumiy intellektual savollar asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar ishtirokchilarning intellektual salohiyatini yanada namoyon etishga xizmat qildi.
Ta’kidlash joizki, bunday intellektual tadbirlar ijtimoiy soha vakillari o‘rtasida bilim almashish, kasbiy malakani oshirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Ijtimoiy ish oyligi” doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni rag‘batlantirish hamda soha rivojiga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyatga ega.
“Zakovat” intellektual o‘yini yakuniga ko‘ra ijtimoiy xodimlar o‘rtasidagi bellashuvda Farg‘ona viloyati jamoasi yuqori intellektual salohiyat, tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlikni namoyon etgan holda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda Samarqand viloyati ijtimoiy xodimlari munosib ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Namangan viloyati ijtimoiy xodimlaridan iborat jamoa ham yuqori natijalarni qayd etib, 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar ijtimoiy sohaga oid bilimlari, mantiqiy fikrlash qobiliyati, tezkorlik va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdi. G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur intellektual o‘yin ijtimoiy soha xodimlari o‘rtasida bilim almashish, kasbiy mahoratni oshirish hamda hududlar o‘rtasida do‘stona hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shahnoza Mamaturopova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA