Murojaatlar joyida hal etildi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda bildirilgan 19 ta murojaatning 12 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 7 ta murojaat yuzasidan esa amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
Xovos tumani hokimligida tashkil etilgan uchrashuvda Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyev, tuman hokimi Qomus Yo‘ldoshev, mas’ul tashkilotlar rahbarlari, Xovos tumani va Yangiyer shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, hunarmandlar hamda fuqarolar ishtirok etishdi.

Ochiq muloqotda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini soddalashtirish va biznes uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish uchun belgilangan moliyaviy chegaraning oshirilishi, soliq imtiyozlaridan samarali foydalanish tartibi hamda elektron soliq xizmatlarining imkoniyatlari haqida tushuntirildi.

Shuningdek, soliq organlariga murojaat qilmasdan turib hisobot taqdim etish, raqamli xizmatlardan masofadan foydalanishning afzalliklari hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Bu kabi xizmatlar tadbirkorlar uchun vaqt va mablag‘ni tejash, davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonlarini yanada yengillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

70 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan muloqot savol-javob ruhida o‘tib, har bir murojaat yuzasidan mas’ullar tomonidan aniq munosabat bildirildi.

— Eng muhimi, bunday uchrashuvlar tadbirkorlarning muammolarini bevosita eshitish va ularni qisqa muddatda hal etish imkonini bermoqda. Har bir murojaat alohida o‘rganilib, qonuniy yechim topilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri