Murojaatlar bilan ishlash – ochiqlik va amaliy yechimlar mezoni
Fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida, xolis va samarali ko‘rib chiqish davlat organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan masalalarga amaliy yechim topish hamda zarur tushuntirishlar berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil shu kuniga qadar Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 135 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 51 tasi elektron shaklda, 82 tasi Virtual qabulxona orqali, 1 tasi shaxsiy qabulda va yana 1 tasi ishonch telefoni orqali qabul qilingan.
Murojaatlar dinamikasiga nazar tashlansa, ularning soni o‘tgan yilning hisobot davriga nisbatan 94 taga, ya’ni 41 foizga kamaygani ko‘rinadi. Xususan, 2025-yilning tegishli hisobot davrida Agentlikka 229 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning mazmun-mohiyati tahlil qilinganda, ular asosan mahsulotlarni sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya, akkreditatsiya hamda standartlar va me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash masalalariga taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, 56 ta murojaat mahsulotlarni sertifikatlashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish, 38 tasi texnik jihatdan tartibga solish masalalari, 11 tasi o‘lchov vositalarini metrologik qiyoslashdan o‘tkazish, 8 tasi zarur standartlar va me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash, 3 tasi akkreditatsiya masalalariga oid bo‘lgan.
Shuningdek, aholiga sotilayotgan mahsulotlarning sifatini o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish yuzasidan 3 ta, ishga joylashishda amaliy yordam so‘rab 4 ta murojaat kelib tushgan. 1 ta murojaat Agentlik vakolat doirasiga kirmaydigan masalaga, 11 tasi esa boshqa turli masalalarga tegishli.
Murojaatlarning har biri belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, murojaat egalarining qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 50 ta murojaatda ko‘tarilgan masala ijobiy hal etilgan. 69 ta murojaat egasiga amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli tushuntirishlar berilgan. 13 ta murojaat esa tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan. Ayni paytda 3 ta murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda. Muhimi, belgilangan muddati o‘tgan murojaatlar mavjud emas.
Agentlikda murojaatlar bilan ishlash faqat qog‘ozdagi yoki elektron shakldagi so‘rovlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmayapti. Fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida hududlarda sayyor shaxsiy qabullar ham muntazam tashkil etilmoqda.
Agentlikning 2026-yil 8-yanvarda tasdiqlangan hududlarda sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish reja-jadvaliga muvofiq, joriy yilda bugungi kunga qadar jami 12 ta sayyor shaxsiy qabul o‘tkazildi. Shundan 9 tasi rejali, 3 tasi rejadan tashqari qabullarni tashkil etdi.
Sayyor qabullar Agentlik tizimidagi mas’ul rahbarlar va tashkilotlar ishtirokida respublika hududlarida o‘tkazildi. Davlat nazorat inspeksiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 4 ta, “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi tomonidan Andijon, Xorazm, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 4 ta hamda Standartlar instituti tomonidan Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 3 ta sayyor shaxsiy qabul o‘tkazildi.
Bunday qabullar orqali fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini bevosita eshitish, masalalarni chuqur o‘rganish va ularni vakolat doirasida hal etish imkoniyati kengaymoqda.
Murojaatlar bilan ishlash samaradorligi, avvalo, aholi va tadbirkorlarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois Agentlik tizimida murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish, qonunchilik talablariga rioya etish va murojaat egalariga aniq hamda asoslangan javob berish ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Eng muhimi, murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarni chuqur tahlil qilish orqali tizimdagi mavjud muammolarni aniqlash, ularning sabablarini bartaraf etish va fuqarolar hamda tadbirkorlarga qulay sharoit yaratishga qaratilgan amaliy choralar izchil davom ettirilmoqda.
Rasulov Raufjon,
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish
agentligi direktori matbuot kotibi,
O‘zA