Mundial-2026: Kanada ochko yo‘qotdi, AQSH yirik hisobda g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslari “V” guruhidan o‘rin olgan Kanada va Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlandi.
Toronto shahridagi “Toronto Stadium” o‘yingohida kechgan bahsning 21-daqiqasida Yovo Lukichning aniq zarbasi mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda Kanada tashabbusni qo‘lga olib, raqib darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi. Natijada 79-daqiqada Kayl Larin muvozanatni tikladi. Shu tariqa, uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi va har ikki jamoa bir ochkodan qo‘lga kiritdi.

“D” guruhidan o‘rin olgan AQSH va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahs esa mezbonlarning yirik g‘alabasi bilan tugadi. Inglvud shahridagi “SoFi Stadium” arenasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH terma jamoasi raqibini 4:1 hisobida mag‘lub etdi.

AQSH jamoasi safida Folarin Balogun dubl muallifi bo‘ldi. Shuningdek, Raul Bobadilya o‘z darvozasini ishg‘ol qildi. Paragvaylik Maurisio Prado ikkinchi bo‘limda bitta gol bilan javob qaytargan bo‘lsa, uchrashuvning qo‘shimcha daqiqalarida Jovanni Reyna o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Natijada AQSH mundialdagi ishtirokini ishonchli g‘alaba bilan boshladi.

Jahon chempionati bahslari bugun ham davom etadi. 13-iyun kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 23:59 da “V” guruhida Qatar va Shveysariya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Santa-Klara shahridagi “Levi's Stadium” arenasida start oladi.

14-iyun kuni soat 03:00 da “S” guruhida Braziliya va Marokash terma jamoalari o‘zaro maydonga tushadi. Soat 06:00 da Gaiti hamda Shotlandiya jamoalari kuch sinashsa, 09:00 da “D” guruhida Turkiya va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tadi. Kunning so‘nggi uchrashuvi esa “Ye” guruhida Germaniya va Kyurasao terma jamoalari ishtirokida kechadi. Mazkur bahs soat 22:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA