Yosh sportchilar “Orzular paradi”da saf tortdi
Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilari, xodimlari va faxriylar ishtirokida “Orzular paradi” o‘tkazildi.
Paradning ochilish marosimida markaz direktori Abror Mamadaliyev va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur markaz mamlakatimizdagi sport maskanlari orasida alohida o‘ringa ega ekanini ta’kidladi. Markaz o‘zining uzoq yillik faoliyati mobaynida ko‘plab chempionlarni tarbiyalab, katta sport olamiga yetaklagan. Hozirda esa yosh iqtidor egalari uchun zamonaviy sharoitlar yaratilib, ularning katta sportga qadam qo‘yishida muhim o‘rin tutishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport bo‘limlari jamoasi “Orzular paradi”ni boshladi. Jamoalar markazdagi stadion uzra mardonavor chiqish qildi hamda maydon uzra saf tortdi.
Shu o‘rinda, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Markazda bugungi kunda 114 nafar murabbiy faoliyat yuritmoqda. Ularning 55 nafari oliy toifali, 40 nafari birinchi toifali, 17 nafari ikkinchi toifali mutaxassislar hisoblanadi. Shuningdek, 10 nafar murabbiy O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi unvoniga ega.
Ta’lim jarayoniga 30 nafar pedagog jalb qilingan bo‘lib, ularning 3 nafari oliy toifali o‘qituvchi, 7 nafari yetakchi o‘qituvchi, 13 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchi hamda 7 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchilardan iborat.
Sport turlari bo‘yicha erishilgan natijalar ham e’tiborga molik. Velosport bo‘limida tahsil olayotgan 27 nafar sportchining 25 nafari milliy terma jamoa a’zosi bo‘lib, ular respublika musobaqalarida 56 ta oltin, 30 ta kumush va 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Suzish bo‘limi yilning eng yuqori ko‘rsatkichlaridan birini qayd etib, 80 ta oltin, 98 ta kumush va 53 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Erkin kurashchilar 30 ta oltin, 15 ta kumush va 21 ta bronza, yengil atletikachilar esa 27 ta oltin, 21 ta kumush va 22 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, akademik eshkak eshish, baydarka va kanoe bo‘limi sportchilari 27 ta oltin, 26 ta kumush va 18 ta bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, futbolchilar 38 ta oltin medal bilan mavsumni yakunladi.
Parasport yo‘nalishida ham salmoqli natijalar qayd etildi. 49 nafar sportchining 34 nafari milliy terma jamoa a’zosi bo‘lib, ular respublika musobaqalarida 30 ta oltin, 14 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Boks, dzyudo, taekvondo, karate, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, qilichbozlik, kamondan otish, gandbol, milliy kurash, sport gimnastikasi va batut sporti bo‘limlari sportchilari ham respublika musobaqalarida munosib ishtirok etib, ko‘plab medallarga sazovor bo‘lishdi.
Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan sport maktablari ham yuqori natijalarni namoyon etmoqda. Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi tarbiyalanuvchilari mamlakat chempionatlari va kuboklarida 47 ta, jahon hamda Osiyo chempionatlarida esa 9 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi sportchilari respublika musobaqalarida 32 ta, Osiyo chempionatida esa 13 ta medalga sazovor bo‘ldi. Respublika velosport mahorat maktab-internati tarbiyalanuvchilari esa Osiyo chempionatida 20 ta medalni qo‘lga kiritib, xalqaro turnirlar hamda mamlakat chempionatlari va kubok bahslarida jami 371 ta medalga ega chiqdi.
Ushbu ko‘rsatkichlar sport ta’limi muassasalarida iqtidorli yoshlarni saralash, ularni yuqori saviyada tayyorlash va milliy terma jamoalar zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-29931]
“Orzular paradi” marosimi so‘ngida turli yo‘nalishlarda eng yaxshilar munosib taqdirlandi hamda yulduzlar ishtirokidagi konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA