Mulk huquqi, kadastr pasporti, meros: Chilonzorda sayyor qabul
Ko‘chmas mulkka egalik huquqini rasmiylashtirish, kadastr pasportini olish yoki meros bilan bog‘liq masalalardagi muammolar fuqarolardan nafaqat vaqt, balki huquqiy bilim va tegishli idoralarga murojaat qilishni ham talab etadi.
Bunday vaziyatlarda aholi bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish va ularning qonuniy yechimi bo‘yicha aniq yo‘nalish ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmalari mas’ullari tomonidan poytaxtning Chilonzor tumanida sayyor qabul tashkil etildi. Qabul davomida 20 nafardan ziyod fuqaroning murojaatlari tinglandi. Ularda kadastr pasportini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish, meros bilan bog‘liq masalalar va kadastr sohasidagi boshqa muammolar ko‘tarildi.
Har bir murojaatning mazmun-mohiyati o‘rganilib, vakolat doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan fuqarolarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olinib, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish bo‘yicha mas’ul xodimlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, qabul ishtirokchilariga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kadastr xizmatlaridan foydalanish hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha zarur maslahatlar berildi.
Sayyor qabullarning ahamiyati shundaki, ular fuqarolarning muammolarini bevosita mas’ullarga yetkazish, murojaatlarning sabablarini joyida aniqlash va masalalarni qonuniy hal etish mexanizmlarini tushuntirish imkonini beradi. Ayniqsa, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarda aniq va o‘z vaqtida berilgan huquqiy tushuntirishlar ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Belgilangan reja-jadval asosida davom ettirilayotgan bunday qabullardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini joyida o‘rganish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda kadastr sohasidagi muammolarga amaliy yechim topishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA