“Oqlov” — adolat va vijdon mas’uliyati haqidagi sahna asari
O‘zbekiston davlat drama teatrida ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Oqlov” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Unda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov boshchiligida soha xodimlari va ularning oila a’zolari, Akademiya kursantlari hamda bo‘lajak xodimlar ishtirok etdi.
Spektakl Islom Hamro asari asosida Ichki ishlar vazirligi buyurtmasiga binoan Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston davlat drama teatri hamkorligida sahnalashtirilgan. Unda inson taqdiri, nohaq ayblovning og‘ir oqibatlari hamda adolatni qaror toptirish masalalari badiiy talqin etilgan.

Sahna asarida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar mazmuni o‘z aksini topgan. Bosh qahramonning murakkab hayot yo‘li, haqiqat uchun kurashi va ruhiy kechinmalari tomoshabinlarni inson sha’ni, vijdon va mas’uliyat haqida mushohada yuritishga undaydi.
Spektaklda ko‘tarilgan masalalar ichki ishlar organlari xodimlarining kundalik faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini unutmaslik, vaziyatga xolis yondashish va qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish asarning asosiy g‘oyalaridan hisoblanadi.

Qahramonlarning tanlovi va xatti-harakatlari orqali halollik, mardlik hamda xizmat burchiga sadoqat fazilatlari yoritilgan. Bu, ayniqsa, bo‘lajak xodimlarning tanlagan kasbi mas’uliyatini chuqurroq anglashi va inson taqdiriga daxldor har bir qarorga vijdonan yondashishida muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
“Oqlov” spektakli milliy g‘urur va sadoqat inson qadrini asrash, adolatni himoya qilish hamda xizmat burchini halol ado etishda namoyon bo‘lishini eslatadi. Zero, insonparvarlik har bir xodim uchun nafaqat kasbiy talab, balki vijdon amri ham bo‘lishi lozim.
O‘zA