Mukofot yangi mas’uliyat yuklaydi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq Farg‘onaning bir guruh fidoyi ijodkorlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, milliy qadriyatlarimiz va boy ma’naviy merosimizni asrab avaylash, ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bugun o‘zining yuksak samarasini berayotganini yana bir bor namoyish etdi. Bugun ham mukofotlanganlar orasida san’atkorlar Abdurahmon Xoltojiyev, Otabek Mamazoitov, Xurshid Rasulov, Abdulahad Abdurashidov, Zamira Rahmatullayeva, Bahodir Mamajonov, Abdujalil Qo‘qonov, Azizjon Abduazimov, elning suyukli shoiri Botir Ergashevlar kabi Farg‘onaning yosh iqtidorlari va ustozlar bor.
Farg‘ona viloyati hokimining 1-o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev ularni yuksak davlat mukofoti bilan tabrikladi va mukofotlarni egalariga topshirdi. Shundan so‘ng mukofotlanganlar e’tirof uchun davlat rahbariga minnatdorchiliklarini bildirdilar. –Ilgari muzeylar e’tibordan chetda qolgan edi.
Holbuki, unda bir dunyo ma’naviy -ma’rifiy xazina bor, – dedi Qo‘qon davlat muzey -qo‘riqxonasi direktori, “Shuhrat” medali sohibi Muhammad-Rashod Mavlonqulov. – Faqat so‘nggi yillarda Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar tufayli ahvol tamomila o‘zgardi. Masalan, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi.
Haligacha bunday mega loyiha amalga oshirilmagan. Dunyoning professional mutaxassislari hayratda qolyapti uni ko‘rib. Mana endi bunday isloho viloyatlarga ham yetib keldi. Shu kichik mehnatimizni qadrlagan Prezidentimizga rahmat. Bu mukofot Qo‘qon davlat muzey -qo‘riqxona ilmiy jamoasiga berilgan deb hisoblayman. –Bizga yana ham katta mas’uliyat yukladi bu mukofot, – deydi “O‘zbekkonsert”DM Farg‘ona viloyati bo‘limi xonandasi, “Shuhrat” medali sohibi Abdujalil Qo‘qonov.
– Endi yanada ko‘proq va yoqimli qo‘shiqlar ijod qilib xalqimiz ko‘nglini olishga harakat qilamiz. Hayotimda baxtli kunlar ko‘p bo‘lgan. Lekin bunaqasi o‘zgacha bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SO-gs9GlLv4" title="Mukofot yangi mas’uliyat yuklaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA