Muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi uchun jarima oshiriladi
Ba’zida do‘konlarda muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi belgilanmagan mahsulotlarga duch kelamiz. Bunday holatlarda esa ko‘pincha sotuvchilar «ko‘rmapmiz» yoki «bilmay qolibmiz» degan bahona bilan o‘zlarini oqlashga harakat qilishadi. Endilikda esa bu kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Qonunga sharh
Gap shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, muddati o‘tgan oziq-ovqatlarni sotuvga qo‘yganlik va ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi kerak tovarlarni bunday belgisiz sotish yoki sotish uchun qabul qilib olganlik uchun jarima miqdorlari keskin oshirilyapti.
Parlament quyi palatasida qabul qilinib, Senatga yuborilgan iste’molchilarning huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunda ushbu masalalar ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yakuniy iste’mol muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish yoki ularni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda savdo qilish holatlari oshib bormoqda. Ushbu holatlar iste’mol bozorida xavfsizlikni ta’minlashni, aholi salomatligiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olishni, tadbirkorlik sub’ektlarining mas’uliyatini yanada oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 178-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yakuniy iste’mol muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha jarimalar miqdori oshirilmoqda.
Ushbu nazarda tutilayotgan norma do‘konlar, omborxonalar va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida mahsulotlar sifatiga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilib, oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddatiga oid talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlaydi. Eng muhimi, aholi salomatligi va hayotiga xavf soluvchi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA