Samarqandda “Vatanparvar” bog‘i yangilandi
Samarqand shahrida aholi va mehmonlar uchun yana bir zamonaviy dam olish maskani – “Vatanparvar” bog‘i foydalanishga topshirildi.
Shaharning Vatanparvar mahallasida mavjud shu nomli bog‘ “Farovon Turkman City” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangidan barpo qilindi. 7 gektar maydonni egallagan hududda 30 dan ortiq zamonaviy attraksion va o‘yin qurilmalari o‘rnatilgan, qulay piyodalar yo‘laklari, ko‘rkam pavilon hamda yashil hududlar tashkil etilgan.
Majmuaning eng ulug‘vor inshooti balandligi 92 metrni tashkil etuvchi mahobatli charxpalakdir. Ushbu qurilma 49 ta shinam, xavfsiz va zamonaviy kabinadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 300 kishiga xizmat ko‘rsata oladigan keng va hashamatli kutish zali ham mavjud.
Shuningdek, bog‘dan sun’iy ko‘l, uning ustida uzunligi 85 metr va balandligi 25 metr bo‘lgan oynali ko‘prik, kichik hayvonot bog‘i, avtodrom hamda karting maydoni o‘rin olgan.
Bugun bog‘ning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Adiz Boboyev, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Qisqa vaqtda Samarqandda ikkinchi yangi istirohat bog‘i ochyapmiz va bu hamshaharlarimiz hamda xorijlik sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun keng imkoniyatdir, – dedi Adiz Boboyev. – Bu albatta, shahar hayotidagi tarixiy kunlardan biri. Lekin bu bilan to‘xtab qolmaymiz, shahar kengayib, aholi soni oshib borayotganini hisobga olib, yangi istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari tashkil etish ishlari davom etadi. Ayni paytda So‘g‘diyona maskani, Samarqand davlat texnika universiteti atrofida yangi bog‘lar qurilishi olib borilmoqda. Qorasuvdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ham zarur yumushlar amalga oshirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda mehmonlar bog‘da yaratilgan zamonaviy infratuzilma, attraksionlar, ko‘ngilochar maydonlar va obodonlashtirilgan hududlar bilan tanishdi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi aholi va mehmonlar uchun yangi dam olish maskani bo‘lib qolmay, bu yerda 250 kishining bandligi ta’minlangani bilan e’tiborga tushdi.
[gallery-30420]
Zamonaviy infratuzilma, xilma-xil ko‘ngilochar inshootlar va noyob arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etgan “Vatanparvar” bog‘i yaqin vaqt ichida Samarqandning eng mashhur, odamlar bilan gavjum sevimli hordiq maskanlaridan biriga aylanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari