Mo‘ynoqlik tennischilar g‘olib bo‘ldi
Nukusda stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” turnirining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq mahallalarda ommaviy sportni xususan, o‘smirlar o‘rtasida stol tennisini yanada ommalashtirish, ularni jismoniy sog‘lomlashtirish, nazoratsizligi va huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘smirlarni doimiy ravishda sportga jalb qilish maqsadida stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqacini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, O‘zbekiston Stol tennisi federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va hamkor tashkilotlar tomonidan qo‘shma qaror tasdiqlandi.

13-16 yoshli o‘g‘il va qizlar o‘rtasida murosasiz tarzda o‘tgan musobaqaning natijasiga ko‘ra Mo‘ynoq tumani “Madeli” ovul fuqarolar yig‘ini jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Nukus shahri “Turan” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi ikkinchi, Nukus tumani “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘ini va Qonliko‘l tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalari uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirok etgan ishtirokchilarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA