“Mo‘ynoq ralli” avtomobil musobaqasiga start berildi
Qoraqalpog‘istonning olis hududi — Mo‘ynoq tumanidagi Ustyurt yassiligida yana bir ulkan sport bayramiga start berildi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Mo‘ynoq ralli” avtomobil musobaqasi bu safar ham nafaqat texnik sport ixlosmandlarini, balki jasorat, matonat va yurtga sadoqat timsoliga aylangan minglab yoshlarni bir maydonga jamladi.
Cho‘l bag‘ridagi murakkab va ekstremal marshrutlar bo‘ylab tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqa O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Turizm qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.
Bu yilgi musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan sportchilar, yosh texniklar hamda ekstremal sport ixlosmandlari qatnashmoqda. Ayniqsa, Ustyurtning murakkab tabiiy relefi, keskin burilishlari va qumli yo‘llari ishtirokchilardan nafaqat yuqori mahorat, balki katta iroda va bardosh talab qilmoqda.
Mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflari bo‘yicha bellashadilar. Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etiladi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha sportchilar g‘oliblik uchun keskin va murosasiz kurash olib bormoqda. Tezlik va xavf uyg‘unlashgan ushbu musobaqalar nafaqat sport mahoratini, balki insonning ruhiy chidamliligi va texnik tayyorgarligini ham sinovdan o‘tkazmoqda.
[gallery-29599]
Qadimiy Mo‘ynoq zamini yana bir bor jasorat va shiddat maydoniga aylandi. Ustyurtning kengliklarida yangragan dvigatellar ovozi esa mamlakatimiz yoshlarining ulkan maqsadlari, kuch-g‘ayrati va cheksiz imkoniyatlari ramzidek jarang sochmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.