Madina Muxtorova jahon rekordini yangiladi
Shveysariyaning Notvil shahrida para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri turniri davom etmoqda.
Musobaqaning e’tiborli natijalaridan biri O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Madina Muxtorova tomonidan qayd etildi. U F40 klassida disk uloqtirish dasturida 25,58 metr natija ko‘rsatib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va jahon rekordini yangiladi. Avvalgi jahon rekordi polyak sportchisi Renata Slivinska tomonidan 25,19 metr natija bilan o‘rnatilgan edi.

Shu tariqa, Madina Muxtorova Notvil Gran-pri turnirini ikkita oltin medal bilan yakunladi. U kuni kecha F40 klassida yadro uloqtirishda ham chempion bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA