Movarounnahr allomalarining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi Dohada taqdimot qilindi
Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy salohiyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari tanishtirildi.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya institutida tashkil etilgan taqdimot va xalqaro ilmiy seminarda O‘zbekiston va Qatarning ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalari vakillari ishtirok etib, Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, islom ilmlari rivoji va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida. Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, Qatar davlat vaziri, Qatar Milliy kutubxonasi raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kavoriy va boshqalar ishtirok etdi.
–Ushbu markazning ahamiyati faqat O‘zbekistonning boy tarixiy merosini dunyoga tanitish bilangina cheklanib qolmaydi, – deydi Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi vakili doktor Ahmad bin Hasan al-Hammodiy. – U butun insoniyatga yo‘llangan ma’naviy da’vat bo‘lib, Islom madaniyatining asl mohiyatini namoyon etadi. Zero, bu – jaholat emas, ilm-fan, to‘qnashuv emas – muloqot, zo‘ravonlik emas – bag‘rikenglik va mehr-shafqat sivilizatsiyasidir.
Taqdimot doirasidagi xalqaro ilmiy seminarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov “Islom sivilizatsiyasi markazi: missiyasi, loyihalari va hamkorlik yo‘nalishlari” mavzusida ma’ruza qildi.
– Meros oldidagi mas’uliyatimizni to‘rt vazifada ko‘ramiz: asrash, o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish. Merosni asrab – xotiramizni saqlaymiz, uni o‘rganib – tafakkurimizni boyitamiz, yangi bilim yaratib – sivilizatsiya davomiyligini ta’minlaymiz, – dedi markaz direktori.
Tadbirda Usmon mushafining islom olamidagi tarixiy va ma’naviy ahamiyati alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Movarounnahr allomalarining Qur’on va hadis ilmlari rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi yoritilib, Imom Termiziyning “Sunan” asari bugungi kun zamonaviy islom ta’limida nechog‘li muhim o‘rin tutishiga urg‘u berildi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida markaz nashrlari ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, ishtirokchilarga mamlakatimizdagi boy tarixiy va ilmiy-ma’naviy merosni aks ettiruvchi kitoblar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA