Moskva va Pekinning yaqinlashuvi: Geosiyosat, iqtisodiyot va ko‘p qutbli dunyo strategiyasi
2026-yil Rossiya va Xitoy munosabati xalqaro siyosatning eng muhim geosiyosiy o‘qlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Pekinda bo‘lib o‘tgan Vladimir Putin va Si Szinpin uchrashuvi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi navbatdagi diplomatik muloqot, balki global kuchlar muvozanati o‘zgarayotgan bir sharoitda strategik yo‘nalishlarni belgilab bergan muhim voqea sifatida baholanyapti.
Ayniqsa, ushbu sammit Si Szinpinning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvidan bir necha kun o‘tib tashkil etilgani xalqaro maydonda katta siyosiy qiziqish uyg‘otdi. Bu holat Pekin bir vaqtning o‘zida ham Vashington, ham Moskva bilan muloqot markazida turganini ko‘rsatdi. Natijada Xitoy bugun nafaqat iqtisodiy gigant, balki global diplomatik jarayonning asosiy ishtirokchisi sifatida harakat qilmoqda.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev mavzuga to‘xtalarkan, dastlab uchrashuv yakunida 20 ta kelishuv imzolangani, “ko‘p qutbli dunyo va yangi tipdagi xalqaro munosabatlar” to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilinganiga e’tibor qaratdi. Mazkur hujjatlar Rossiya va Xitoy munosabat endi faqat ikki tomonlama manfaat doirasida emas, balki xalqaro tizimning kelajak modeli bilan ham bog‘lanayotganini anglatadi.
Bugun Moskva va Pekin hamkorligining asosiy xususiyati aloqalar kompleks tus olayotganida. Avval hamkorlik asosan energetika va savdo bilan cheklangan bo‘lsa, hozir tashqi siyosat, texnologiya, transport, moliya, ta’lim va gumanitar sohalarni ham qamrab olmoqda. Bu esa munosabatlarning institutsional xarakter kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy jihatdan Xitoy Rossiyaning eng yirik tashqi savdo sherigiga aylandi. So‘nggi yillarda ikki davlat tovar ayirboshlash hajmi rekord darajaga yetdi. Ayniqsa, G‘arb sanksiyasi sharoitida Rossiya bozorida Xitoy mahsuloti va texnologiyasi ulushi keskin oshdi. Avtomobilsozlik, elektronika, telekommunikatsiya va sanoat uskunalari sohasida xitoylik kompaniyalar faol ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga munosabatda ma’lum iqtisodiy asimmetriya ham saqlanib qolmoqda. Rossiya uchun Xitoy strategik ahamiyatga ega asosiy iqtisodiy sherik, Xitoy tashqi savdosida esa Rossiya ulushi nisbatan cheklangan. Binobarin, ayni holat sheriklik ahamiyatiga salbiy ta’sir etmaydi: Pekin uchun Rossiya energiya xavfsizligi, transport yo‘laklari va geosiyosiy barqarorlik nuqtai nazaridan muhim davlat.
Energetika o‘zaro munosabatning asosiy ustuni bo‘lib qolmoqda. Rossiya Xitoyga tobora ko‘proq neft, gaz va ko‘mir yetkazyapti. “Sibir kuchi-2” gaz quvuri loyihasi esa kelajakdagi eng yirik strategik tashabbuslardan biri sifatida ko‘riladi. Garchi, ayrim texnik va tijoriy masalalar muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, loyihaning ahamiyati har ikki davlat uchun yuqori bo‘lib qolmoqda.
Ayni payt Xitoy energetika sohasida diversifikatsiya siyosatini saqlab qolishga harakat qilyapti. Pekin Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirish barobariida boshqa energiya manbalari bilan ham muvozanatni ushlab turishni maqsad qilgan. Bu esa munosabatlar pragmatik xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi.
Transport-logistika masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Baykal orti – Manjuriya temir yo‘lini kengaytirish, yangi tranzit yo‘laklarini rivojlantirish va chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar Yevrosiyodagi iqtisodiy integratsiya jarayonini tezlashtirishi mumkin. Ayniqsa, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Rossiyaning transport imkoniyati Xitoy uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Texnologik hamkorlik ham yangi bosqichga chiqmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, kosmik tadqiqot va yuqori texnologiya sohasida qo‘shma dasturlar muhokama qilinmoqda. Sanksiya va texnologik cheklov sharoitida Moskva ham, Pekin ham G‘arb platformalariga qaramlikni qisqartirishga intilyapti. Shu nuqta nazardan, ilmiy-texnik hamkorlik ikki davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Gumanitar yo‘nalish ham munosabatning muhim qismiga aylanmoqda. 2026-2027-yillar “Ta’lim yillari” deb e’lon qilinishi, talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar va madaniy dasturlar uzoq muddatli ijtimoiy yaqinlashuv uchun asos yaratmoqda. Vizasiz rejim uzaytirilishi esa insonlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishi kutilyapti.
Xalqaro siyosat nuqtai nazaridan Moskva va Pekin “ko‘p qutbli dunyo” g‘oyasini faol ilgari surib, BMT, BRIKS, SHHT kabi platformalarda xalqaro munosabatning muvozanatli tizimi shakllanishi zarurligini ta’kidlamoqda. Bu konsepsiya rivojlanayotgan davlatlar manfaatini oshirish va global boshqaruv mexanizmini isloh qilish g‘oyasi bilan bog‘lanmoqda.
Bugungi sharoitda Rossiya va Xitoy munosabati faqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik emas, balki xalqaro siyosiy tizimdagi o‘zgarishni aks ettiruvchi muhim omil sifatida ko‘riladi. Pekin sammiti esa ushbu jarayon kelgusi yillarda ham dunyo siyosati markazida bo‘lishini yana bir bor namoyon qildi.
Geosiyosiy muvozanatning yangi formulasi: Moskva va Pekin hamkorligi qayerga qarab bormoqda?
Rossiya va Xitoy munosabatining bugungi bosqichi xalqaro siyosatda yangi kuchlar muvozanati shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Pekin va Moskva aloqalari endilikda faqat iqtisodiy manfaat yoki siyosiy yaqinlik bilan izohlanmaydi, balki global boshqaruv, xavfsizlik, energetika va texnologiya sohalarida uzoq muddatli strategik hisob-kitobga asoslanadi.
Ayniqsa 2026-yildagi xalqaro vaziyat bu jarayonni yanada tezlashtirdi. Yaqin Sharqdagi beqarorlik, Ukraina atrofidagi geosiyosiy taranglik, AQSH tashqi siyosatidagi o‘zgarish va jahon iqtisodiyotidagi raqobat muhiti Moskva hamda Pekinni ko‘p masalalarda bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Shu sababli ham ikki davlat bugun o‘z munosabatini “yangi davr strategik sherikligi” sifatida ta’riflamoqda.
Rossiya va Xitoy tashqi siyosat sohasida ham faol muvofiqlashuvni davom ettiryapti. BMT Xavfsizlik Kengashi, SHHT, BRIKS va ATES kabi platformalarda ikki davlat ko‘p hollarda o‘xshash yondashuvlarni namoyon qilmoqda. Ular xalqaro munosabatlarda suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik va ko‘p tomonlama diplomatiya tamoyillarini asosiy tamoyil sifatida ilgari surmoqda.
Pekin sammitida qabul qilingan “ko‘p qutbli dunyo” haqidagi deklaratsiya ham aynan shunday siyosiy qarashning davomi bo‘lib, xalqaro munosabatda bir markazli tizim samaradorligi pasayib borayotgani va yangi kuch markazlari shakllanayotganini ta’kidlaydi. Rossiya va Xitoy bu jarayonda o‘zlarini xalqaro tizimning muhim ishtirokchilari sifatida ko‘rmoqda.
Bugun Xitoy uchun Rossiya, avvalo, strategik barqarorlik va resurs nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Moskva Pekin uchun energiya ta’minoti, transport yo‘laklari va Yevrosiyodagi geosiyosiy muvozanatning muhim qismi hisoblanadi. Rossiya esa Xitoy bilan munosabat orqali o‘z iqtisodiy va texnologik imkoniyatini kengaytirishga intilyapti.
Iqtisodiy hamkorlikda yangi yo‘nalishlar paydo bo‘layotgani ham diqqatga sazovor. Avval savdo asosan xom ashyo va sanoat mahsulotlari bilan cheklangan bo‘lsa, hozir ikki davlat yuqori texnologiya, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va innovatsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga urinmoqda. Ilmiy markaz, universitet va texnologiya kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalar kuchayishi jarayon uzoq muddatli ekanini ko‘rsatmoqda.
Transport va logistika sohasidagi integratsiya ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Rossiya hududi orqali o‘tuvchi temir yo‘l va tranzit yo‘laklari Xitoyning Yevrosiyo strategiyasida muhim o‘rin tutadi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar ikki davlat iqtisodiy hamkorligining yangi bosqichini shakllantirishi mumkin.
Harbiy-texnik hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqqan sohalardan biri bo‘ldi. Qo‘shma harbiy mashg‘ulot, xavfsizlik bo‘yicha muloqot va mudofaa sohasidagi tajriba almashinuvi o‘zaro strategik ishonchni mustahkamlamoqda. Ayniqsa zamonaviy texnologiya va dron tizimi sohasidagi hamkorlik xalqaro ekspertlar diqqat markazida turibdi.
Shu o‘rinda Rossiya va Xitoy munosabatlarining muhim xususiyatini alohida ta’kidlash lozim: bu sheriklik mafkuraviy emas, ko‘proq pragmatik xarakterga ega. Ikki davlat turli sohalarda milliy manfaatdan kelib chiqqan holda hamkorlik qilmoqda. Shu sababli munosabatlar murakkab global sharoitda ham barqaror rivojlanishda davom etyapti.
2026-yil voqeliklari shuni ko‘rsatmoqdaki, Moskva va Pekin o‘rtasidagi yaqinlashuv kelgusi yillarda ham xalqaro siyosatning muhim omillaridan biri bo‘lib qoladi. Energetikadan texnologiyagacha, transportdan tashqi siyosatgacha bo‘lgan yo‘nalishlardagi hamkorlik nafaqat ikki davlat, balki Yevrosiyo va jahon siyosatidagi kuchlar muvozanatini ham belgilab berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA